Odatda qor-yomg`irda ko`chadan oyog`imiz jiqqa ho`l bo`lib kelgandagina poyabzalimizga ham e`tibor berishimiz kerakligi yodimizga tushadi.

Oyoq kiyim uchun «tez yordam»

  • Suv o`tkazgan oyoq kiyimni eng avvalo ustini sovuq suvda yuvib, quritish choralarini boshlash kerak.
  • Etik yoki botinkadagi suvni shimib olishi uchun ichini buklangan qog`ozlar bilan to`ldirish lozim. Juda ho`l bo`lsa, ichidagi qog`ozlarni bir necha marta almashtirish mumkin. Poyabzalni issiqlik radiatori, batareya yoki issiq plita yonida quritish tavsiya etilmaydi. Bunday holatda oyoq kiyim terisi tez quriydi, natijada burishib, yoriqlar paydo bo`lishi mumkin. Yaxshisi, xona haroratida quritganingiz ma`qul.
  • Agar oyoq kiyimni tezda quritish kerak bo`lsa, qog`ozlar bilan bajarilgan jarayondan so`ng changyutgichdan foydalanish mumkin. Changyutgich ishlayotganida undan chiqadigan issiq havo ho`l poyabzalni quritish uchun etarli bo`ladi. Lekin bu usulni juda shoshilinch vaziyatlardagina qo`llash tavsiya etiladi.
  • Qurigan oyoq kiyimni sifatli maxsus krem bilan artish kerak. Bunday krem bo`lmagan holatlarda vazelin, gliserin, kanakunjut yoki o`simlik yog`i bilan ham ishlov berish mumkin.

Kundalik «parvarish» usullari

  • Chang va loy poyabzal terisini yog`sizlantirib, suv o`tkazuvchan bo`lib qolishiga birinchi sabablardan hisoblanadi. Shuning uchun kir bo`lgan oyoq kiyimni echgandan so`ng yuvish lozim. Kamida bir haftada bir marotaba poyabzal terisiga mos rangdagi maxsus kremdan surtib turish kerak.
  • Poyabzal o`zining shaklini yo`qotmasligi uchun ichini g`ijimlangan qog`ozlar bilan to`ldirib qo`yish mumkin.
  • Agar sevimli oyoq kiyimingiz kengayib ketsa, uni yana foydalanish uchun yaroqli holga keltirsa bo`ladi. Buning uchun tuflining tovon turadigan qismidan yuqoriroqqa 5-6 mm qalinlikdagi porolon yopishtirib qo`yish mumkin.

Loklangan poyabzallar

  • Loklangan oyoq kiyimlarni cho`tka yordamida tozalash tavsiya etilmaydi. Bu bilan poyabzal terisiga zarar etkazish mumkin.
  • Bunday oyoq kiyimlarni har kuni, ayniqsa, yomg`ir-qorli kunlarda kiyish tavsiya etilmaydi. Namlik va kir natijasida loklangan poyabzalning yaltiroq yuzasi vaqt o`tgani sari xiralashib boradi, shu bilan birga, mayda yoriqchalar paydo bo`lishi ham mumkin.
  • Yangi loklangan etikni maxsus kremlar bilan tozalash shart emas, yumshoq mato bilan artish kifoya.
  • Loklangan poyabzalingiz yanada yaltirab turishi uchun uni sirkaga botirilgan paxtada artish mumkin. Quriganidan so`ng etikning yuzasiga yarim bo`lak piyozni surtib chiqib, quruq mato bilan artiladi.
  • Bunday poyabzalni yaltiratishning yana bir usuli bor: nam mato bilan artiladi. Quriganidan keyin esa ozgina o`simlik yog`ini paxta yordamida surtib, oyoq kiyimlar uchun mo`ljallangan maxsus duxoba lenta bilan yaltiratiladi.

Zamsh terili poyabzallar

  • Zamsh teridan tayyorlangan oyoq kiyimlarni tozalash hozir katta muammo emas. Zamsh teri uchun mo`ljallangan maxsus krem va spreylarni har bir do`kondan topish mumkin.
  • Yangi zamsh etikka namlik va loydan himoyalaydigan maxsus krem surtish lozim. Bunday himoya chorasi oyoq kiyimning kirlanish jarayonini sekinlashtiradi, dog`lar va loyni oson tozalashga yordam beradi.
  • Har qanday holda ham zamsh etikni tozalashdan avval quritib olish kerak. So`ng chang va boshqa kirlar cho`tka yordamida tozalanadi. Tozalanishi qiyin bo`lgan dog`larni qalam o`chirgich bilan ketkazish ham mumkin.
  • Agar zamsh etigingiz judayam kirlanib ketgan bo`lsa, sovunli suvga noshvadil spirtidan (1 osh qoshiq spirtga 5 osh qoshiq sovunli suv) qo`shib, bu suvda cho`tkani ho`llab tozalanadi. Terida sovun iz qoldirmasligi va changlardan himoyalash uchun sirkali eritmada (bir litr suvga 1 choy qoshiq sirka qo`shiladi) mato namlab artiladi. Tozalash ishlarini tugatganingizdan so`ng poyabzalni bug` ustida ushlab turiladi, natijada terining mayinligi o`z holiga qaytadi.
  • Zamsh poyabzaldagi yog`li dog`larni benzin yoki talk sepib qo`yib, bir necha soatdan keyin cho`tka bilan tozalab ketkazish mumkin.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH