Qirg’iziston O’zbekistonga Qambar ota GES-1 qurish taklifini bermoqchi. Bu haqida bugun, 1 dekabrda yakuniy matbuot konferensiyasida Qirg’iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambayev ma`lum qildi. Qirg’izistonning 24.kg nashri shu haqida xabar berdi

Uning so’zlariga ko’ra, ushbu loyihada O’zbekiston Qirg’iziston bilan bir qatorda muassis bo’lishi kerak.

«GES o’zbek xalqini suv bilan ta`minlash maqsadida loyihalashtirilgan. Dastlab Islom Karimov bu g’oyani qo’llab-quvvatladi, keyin O’zbekistonning pozitsiyasi o’zgardi. Biroq o’shanda muassis Rossiya bo’lgandi», — dedi Almazbek Atambayev.

«Biz bu loyihani hamkorlikda amalga oshirishimiz mumkin. Shunda Qozog’istonga ham, O’zbekistonga ham suv yetadi. Agar biz — uch mamlakat birga bo’lsak, kreditlar masalasi ham yengillashadi. O’zbekiston Respublikasiga Shavkat Mirziyoyev prezident bo’lishiga umid qilaman. Shunda hech qanday hal qilinmagan masalalar va kelishmovchiliklar bo’lmaydi. Biz u bilan yaxshi, do’stona munosabatdamiz», — deya izohladi prezident.

manba: Kun.uz

ULASHISH