Har bir oilada iqtisodiy qiyinchiliklar uchrab turadi.  Ruhshunoslarning fikricha, bunday vaziyatda oilaviy muammolar ko`payishi kuzatiladi. Sabab esa juftliklarning etarli darajada kamolotga etmagani va oilaviy barqarorlikning o`zgaruvchanligidadir. Iqtisodiy qiyinchilik oila inqiroziga sabab bo`lishiga yo`l qo`ymaslik esa juda muhim…

Iqtisodiy qiyinchilik — oila rishtalari mustahkamligi uchun katta sinov. Har qanday holatda bir‑birini qo`llab-quvvatlovchi, hamdard va hamfikr bo`lgan juftliklar bu qiyinchiliklarni birgalikda engib o`tadilar. Muammo esa munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga turtki bo`ladi.

Inqiroz va erkak

Jamiyatshunoslar olib borgan tadqiqotlarga ko`ra, erkak hayoti davomida ish faoliyati va oila boquvchisi rolini birinchi o`ringa qo`yadi. Pul topish mavqei qanchalik yuqori bo`lsa, omadlilik hissi ham shunga yarasha bo`ladi. Ma`lum sabablarga ko`ra, bu mavqeni vaqtinchalik bo`lsada yo`qotish uning g`ururiga qattiq ta`sir ko`rsatadi. U o`zini keraksiz, omadsiz his qila boshlaydi, oilasini etarli darajada ta`minlay olmagani uchun o`zini aybdor sezadi. Natijada o`ziga bo`lgan ishonchini yo`qotgan er tajovuzkor, jizzaki, odamovi bo`lib, depressiyaga tushadi.

Bunday holatda oiladagi totuvlikni qanday qilib saqlab qolish mumkin?

Avvalo ayol turmush o`rtog`ini qo`llab-quvvatlashi lozim. Qanday qilib deysizmi? Bir necha kishiga savollar bilan murojaat etganimizda, quyidagi javoblarni oldik:

  • ayol ham erning bu holatini tushunishi;
  • undan ortiqcha narsa talab qilmasligi;
  • sabrli bo`lishi;
  • eridan shirin so`zini ayamasligi;
  • iqtisodiy etishmovchilik o`tkinchiligini bildirib turishi kerak…

Demak, aksariyat ayollar qiyinchilik onida o`z jufti halollariga tirgak bo`lib, uni tushunishga tayyor. Hamdardlik erkakka dadilligini qaytarishga, ayolining har qanday holatda ham undan yuz o`girmasligiga bo`lgan ishonchini orttiradi. U nafaqat oilasi oldidagi mas`uliyatni, balki sevgan insonlarining doimo yordamga hozirligini ham his qilib, o`zini tog`larni qalqon qilishga ham qodir sezadi.

Tanglik qay darajada?

«Pul topib kelish erning vazifasi» deb qo`l qovushtirib o`tirish nodon ayolning ishi. «Dadasi, xafa bo`lmang, ikkalamiz hamjihat ishlab, oilamizni bu qiyinchilikdan olib chiqamiz», deydi oqila ayol. Keyin tez daromad keltiradigan ish bilan shug`ullanish lozim.

Tirikchilikning aybi yo`q

Bunday paytda ayol ham qo`lidan kelgancha eriga yordam berishi kerak. Ayollar tabiatan oshpazlik va tikish‑bichish ishlarini mohirlik bilan bajara oladi. Qiyinchilik davrida mana shu mahoratni ishga solish mumkin. Lekin ayol «men ham ro`zg`or tebratishga yordam berayapman», degan bahona bilan o`z vazifalarini bajarishni ham unutib qo`ymasligi kerak.

Gap, gashtak, choyxona kabi rusumlar bor. Bularni vaqtincha yig`ishtirib turish to`g`riroq bo`ladi. Bu erkakka ham ayolga ham tegishli. «Shu bahona pulimiz yig`ilib qoladi» deyish noto`g`ri. Har kuni oz‑ozdan kelib turadigan sarmoya «yig`ilib qolgan pul»dan barakaliroq.

Ishoning, ahillik bo`lsa, har qanday oila 3 oydan keyin iqtisodiy tanglikni, oilaga kelgan krizisni ortda qoldiradi.

Birlashganga tole` yor

  • Oilaviy muammolarda bir‑biringizni ayblamang.
  • Yaqinlaringizning yordamidan bosh tortmang. «Men erkakman, o`zim uddalayman, aralashma», demang. Aks holda ular o`zlarini sizga keraksiz hisoblay boshlashlari mumkin.
  • Ruhshunoslarning fikricha, qiyinchiliklar insonning yashirin iste`dodlarini kashf etishga yordam berarkan. Qiyinchilik bormi, demak, uni engib o`tish uchun kuch ham etarli. Ko`nglingizni tushirmang.
  • Har qanday holatning yaxshi tomonlarini ko`ra bilish lozim. Muammoga xotirjamroq yondashishga harakat qiling.
  • Sog`ligingiz va kuchingizni asabiylashishga va «nega bunday bo`ldi?» degan savolga javob qidirishga sarflamang. Vaziyatni boricha qabul qiling. Shunda echim topish osonroq kechadi.
  • Ishdan bo`shagan bo`lsangiz, demak, yangi sohalarni kashf etish yoki o`z sohangizdagi ish saviyasini oshirish, o`qib-o`rganish vaqti keldi. Ishdan ketishni dam olish, o`zingizga kelish fursati deb biling.
  • Biznesingiz inqirozga yuz tutdimi, demak, ish rejangizda xatoliklar mavjud bo`lgan. Faoliyatingizni boshqacha nazar bilan o`rganib chiqib, yangi ish boshlashdan avval xatolarni bartaraf eting.

Xullas, iqtisodiy qiyinchilik ham oilaviy munosabatlarni sinab ko`rish uchun yaxshi saboq bo`la oladi. Muhimi, bu darsdan kerakli xulosa chiqara bilmoq. Oldingizga maqsad qo`ying va unga intiling. Yoningizda sizni qo`llab-quvvatlashga tayyor oila a`zolaringiz bor, demak, qiyinchiliklar siz uchun qo`rqinchli emas.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH