AdMe.ru sayti pishloqsevarlar uchun ajoyib yangilikni e’lon qildi, unga ko`ra pishloq inson umrini uzaytirishga yordam berar ekan.
Nature Medicine jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko`ra, uzoq saqlangan pishloqlar tarkibida poliaminlar guruhiga kiruvchi g`aroyib modda bo`lib, u yurak xastaliklariga chalinish ehtimolini kamaytirish, qarilikni sekinlashtirish va umrni uzaytirish xususiyatiga ega.
Olimlar dastlab laboratoriya sichqonlarida o`tkazgan tajriba orqali pishloq tarkibidagi poliaminni doimiy ravishda iste’mol qilish kemiruvchilarning umrlarini uzaytirishini aniqlashdi.
Shundan so`ng 800 nafar Italiyalik o`rtasida so`rov o`tkazildi. So`rov natijalariga ko`ra doimiy ravishda pishloq iste’mol qiluvchi insonlar qon bosimi, yurak-bo`g`im kasalliklari bilan kamroq aziyat chekadilar, kundalik ratsionida pishloq bo`lmaganlar bilan taqqoslaganda ularda yurak yetishmovchiligining rivojlanish ehtimoli 40% ga pastdir.
Tadqiqotchilar poliamin hujayralarga toksinlar va shikastlangan bo`limlaridan qutulishga yordam beradi degan fikrda. Bu esa inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko`rsatadi va organizmning yosharishga sabab bo`ladi.
Shuni unutmaslik lozimki, pishloq kaloriyaga boy mahsulot va u hammaga ham tavsiya etilmasligi mumkin. Lekin bu pishloq yeya olmaydiganlar yosharish va uzoq umr ko`rish imkoniyatidan mahrumlar degani emas. Pishloq tarkibidagi moddalar yashil no`xot, jo`xori, dukkakli donlar kabi boshqa mahsulotlarda ham mavjud. Biroq pishloqning ularda ustun bir jihati bor: pishloq ulardan ancha mazaliroq!

ULASHISH