Italiyalik aktrisa Ornella Muti Rossiya fuqaroligini olish uchun murojaat qilmadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.

Oxirgi paytlarda G‘arb san’atkorlari va sportchilari orasida Rossiya fuqaroligini so‘rab murojaat qilish o‘ziga xos an’ana tusiga kirdi. Bu ishni 2013-yilda taniqli fransiyalik aktyor Jerar Depardyo boshlab bergan bo‘lsa, undan so‘ng amerikalik bokschi Kichik Roy Jons, jangchi Jeff Monson, italiyalik dzyudo murabbiyi Etsio Gambo Rossiya fuqarosiga aylandi. Yaqindagina Rossiya fuqarosi pasportiga amerikalik aktyor Stiven Sigal ega bo‘ldi.

Shu munosabat bilan jurnalistlarlardan biri Peskovga Ornella Muti ham ushbu ro‘yxatga qo‘shilish-qo‘shilmasligi haqida savol berdi.

“Yo‘q, bunaqa bo‘lgan emas”, — dedi Peskov.

U, agarda Muti xonimdan murojaat kelib tushsa, Vladimir Putin arizani ko‘rib chiqishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH