Bir paytlar yaxshi pardoz uchun ayollar sog‘lig‘i bilan haq to‘lashga majbur bo‘lgan. Simobga to‘la vosita bilan yuzini qizartirar, qoshini zaharli qalam yordamida qoraytirar, yuz terisini qo‘rg‘oshinli vosita bilan oqartirar edi. Ilmiy taraqqiyot kosmetika tarkibidagi zahar miqdorini kamaytirdi.

Hozir kosmetika buyumlari avvalgidek zararli emas: lab bo‘yog‘i lablarni namlantiradi, tonal kremlar terini ultrabinafsha nuridan himoya qiladi va hokazo.

Aksariyat rang beruvchi vositalar (tonalka) asosini suv, talk, yog‘ va pigmentlar tashkil etadi. Rang uchun javob beruvchi moddalarning neytral ekanligi va allergiya chaqirmasligiga ahamiyat qarating. Bularga ruh oksidi va temirni misol qilib keltirishimiz mumkin. Ularning barchasi shahar tutunidan himoya qilishga qodir.

Qanday qalam olishingizdan qat’i nazar uning tarkibida yog‘lar, pigmentlar va mum borligini ko‘rish mumkin. Mum tabiiy, masalan, asalari mumi bo‘lsa yaxshiroq. Aks holda teri qichishishiga yo‘liqish mumkin. O‘simlik yog‘lari — kokos va shi yog‘i toshqalamni yumshatadi.

Tush ishlab chiqaruvchilar uni kipriklaringizga sura boshlashingiz bilan ular o‘sa boshlashiga ishontiradi. Tushning tarkibida o‘stiruvchi omillar (EGF yoki bFGF) bor-yo‘qligini tekshirib ko‘ring. Bu oqsil molekulalari haqiqatan ham o‘stirishi mumkin, biroq ko‘pincha allergiya chaqiradi. Kiprik tolalari siyrak bo‘lsagina ularning samarasi seziladi. Agar kipriklar shusiz ham qalin bo‘lsa E vitamini bilan cheklanishni tavsiya etamiz.

Avval lab bo‘yog‘i tarkibidan faqat mum, yog‘lar va pigmentlarni topish mumkin edi. Endi esa ko‘plab namlantiruvchi moddalarni uchratish mumkin. Misol uchun, gialuron kislotasi, aloe-vera ekstrakti, E vitamini, shaftoli va bodom danagidan olingan yog‘lar.

Shunday ekan, zamonaviy pardoz vositalari nafaqat go‘zallik, balki sog‘liq uchun ham foydali hisoblanadi. Muhimi, sifatli mahsulotlardan foydalanish va ularning tarkibiga ahamiyat qaratish lozim.

manba: Daryo.uz

ULASHISH