So‘nggi kunlarda Toshkentdagi ayrim avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida avtobenzinga navbatlar kuzatilmoqda. Bunday vaziyat mijozlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi mazkur holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi

Kompaniya mutasaddilariga ko‘ra, benzin taqchilligi bilan bog‘liq noxush ko‘rinishlar “O‘zneftmahsulot” AKga bog‘liq bo‘lmagan quyidagi omillar natijasida yuzaga kelmoqda:

“Viloyatlardan qatnayotgan ko‘pchilik avtomobillar egalari chayqovchilik niyatida turli yo‘llar bilan keragidan ortiqcha miqdorda avtobenzin olib chiqib ketishmoqda. Bunday holatning oldini olish maqsadida kompaniya tomonidan “O‘zdavneftgazinspeksiya” va tegishli huquqni muhofaza qilish organlari bilan birga profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ayrim shov-shuv ishqibozlari tomonidan aholi orasida “bundan keyin AYoQShlarda avtobenzin kamayib ketar ekan”, degan umuman o‘rinsiz xabarlar tarqatilmoqda. Bu xususda “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi shuni ishontirib bayon qiladiki, yurtimizdagi neftni qayta ishlash zavodlari yonilg‘i mahsulotlarini yetarli ishlab chiqarmoqda va bundan buyon AYoQShlarga nafaqat belgilangan miqdorda, balki unga qo‘shimcha miqdorda ham avtobenzin yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Yuqorida bayon etilgan shov-shuvlarga uchgan avtomobil egalari avtobenzinni keragidan ortiqda xarid qilib, g‘amlab olishga harakat qilishmoqda. Xususan, ayrim avtomobil egalari o‘z uylari yoki garajlarida avtobenzinni zaxira qilib qo‘yishga kirishishgan. Kezi kelganda shuni alohida qayd etish kerakki, xavfli yonilg‘i mahsulotlarining maxsus moslashtirilmagan joylarda saqlanishi ko‘ngilsiz voqealarga olib kelishi mumkin.

Statistik ma’lumotlardan ko‘rinib turganidek, bunga avtomobillar sonining yildan-yilga ko‘payib borayotganligi ham muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqdaki, mazkur holat, o‘z navbatida, avtobenzin iste’molining borgan sayin ortib borishiga olib kelmoqda. Biroq kompaniya tomonidan avtobenzin ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini belgilashda bu omil ham nazarda tutilmoqda”.

“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi mazkur vaziyatni barqarorlashtirish uchun neftni qayta ishlash zavodlarida avtobenzin ishlab chiqarish miqdorini mumkin qadar ko‘paytirish, shu jumladan, chetdan qo‘shimcha miqdorda uglevodorod xomashyosini keltirish va iste’molchilarni avtobenzin bilan tegishli miqdorda ta’minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rayotganligini ma’lum qildi.

ULASHISH