Nike kompaniyasining Nyu-Yorkdagi yetakchi do’konlari (Nike SoHo va NIKE+ ClubHouse) o’zi bog’ichlanuvchi HyperAdapt 1.0 krossovkalarini sotishni boshladi. Bu haqda Highsnobiety ma`lum qildi. 

Bugunda krossovkalarni oldindan yozilib qo’yganlargina sotib olishlari mumkin. 20 dekabrdan krossovkalarni Chikago, Los-Anjyeles va San-Frantsiskodagi do’konlardan sotib olish mumkin bo’ladi. Krossovkani shuningdek smartfonlar uchun NIKE+ dasturi orqali sotib olish ham mumkin.

Ushbu antiqa poyabzalning ilk sohiblaridan biri aktyor Maykl Bakari Jordan bo’ldi va u poyabzal qutisini ochish videosini feysbukda chop etdi.

Krossovkaning narxi 720 dollarni tashkil qiladi. Ushbu poyabzal boshqa davlatlarda qachon savdoga chiqishi hozircha ma`lum qilinmagan.

Avtomatik bog’ichlanuvchi HyperAdapt 1.0 krossovkalarining ishlab chiqarilishi boshlanishi haqida 2016 yil mart oyida e`lon qilingandi. Krossovkaning prototipi o’tgan yil oxirida namoyish qilingan va ushbu krossovkaning yaratilishiga sabab bo’lgan «Kelajakka qaytish» filmidagi bosh qahramon rolini ijro etgan aktyor Maykl J.Foksga sovg’a qilingan. Ushbu filmda aktyor ijrosidagi bosh qahramon Marti Makflay shunday krossovkalarni 2015 yilga tushib qolganda topib oladi.

manba: Kun.uz

ULASHISH