“Million” qiziqchilar jamoasi litsenziyasi 2014-yil sentabrida to‘xtatilgan edi. 2016-yil sentabrida esa jamoa “O‘zbeknavo”dan litsenziyasini qaytarib olgani ma’lum bo‘ldi va ular yangi konsert dasturini taqdim etdi.

Jurnalist Feruz Muhammad “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining maxsus ruxsatnoma (litsenziya) beruvchi tashkiliy boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorov bilan suhbatlashib, “Million”ning litsenziyasi o‘shanda nega olib qo‘yilganiga aniqlik kiritdi.

“‘Million’ qiziqchilar jamoasining litsenziyasi uch yilcha avval olib qo‘yilgani, yaqinda esa qaytarib berilganidan ko‘pchilik xabardor bo‘lsa kerak. Askiya, hazil-mutoyibaning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Ularning hazillarida me’yordan oshib ketgan holatlar bo‘lgani uchun, jamoa litsenziyadan mahrum etilgan edi”, — deydi Odiljon Abduqahhorov.

“Oradan salkam uch yil o‘tib, ular o‘z aybini tushunib yetdi. Yaqinda ularning litsenziyasi qaytarildi, jamoa o‘zining navbatdagi konsertini taqdim etdi. Bu galgi konsertda hazillar milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda sahnalashtirildi. Tomoshabinlar bu hazillarni, sahna ko‘rinishlarini yaxshi kutib oldi, deb o‘ylayman”, — deya qo‘shimcha qildi “O‘zbeknavo” vakili.

manba: Daryo.uz

ULASHISH