O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi mavzusiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Buyuk Britaniyaning ijtimoiy-siyosiy va ekspert doiralari vakillari qatnashdi, deb yozadi “Jahon” axborot agentligi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Safoyev asosiy ma’ruza bilan ishtirok etdi. Brifing chog‘ida uning ishtirokchilari mamlakatda bugungi kunda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar hamda respublika xalqaro hamkorligidagi ustuvorliklarga doir batafsil ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdi.

Yuqoridagilardan tashqari, mamlakatda joriy yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga tayyorgarlikning borishi hamda 18—19-oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi yakunlariga doir ma’lumotlar ham brifing qatnashchilarining e’tiboriga havola etildi.

Pathfinder kompaniyasi direktori Maykl Tomas o‘z chiqishida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov ulug‘ yetakchilik fazilatlariga ega bo‘lgani tufayli 25 yil ichida gullab-yashnayotgan davlatni barpo etishga erishilganini qayd etdi.

Britaniya kompaniyasi rahbari O‘zbekiston Respublikasi hukumatining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qaroriga hamda iqtisodiy hamkorlik masalalari mamlakatning IHT raisligidagi ustuvorliklari ro‘yxatiga kiritilganini yuqori baholadi.

“Ular O‘zbekistonga o‘xshash demografik va iqtisodiy sharoitlarga ega bo‘lgan ko‘pgina rivojlanayotgan davlatlar uchun namuna sifatida xizmat qiladi. Bag‘rikenglik va uyg‘unlikka erishishning vositasi sifatida O‘zbekiston ta’lim siyosatidagi o‘z qarashlarini xalqaro darajada ilgari surishga haqlidir”, — dedi Xalqaro ta’lim bo‘yicha ekspert Devid Xardi.

Birlashgan kuchlar Qirollik institutining xavfsizlik tadqiqotlari masalalari bo‘yicha direktori Rafaello Pantuchchining aytishicha, mintaqaviy va xalqaro darajadagi turli masalalar yuzasidan IHTga a’zo davlatlarning nuqtai nazarlari bir xil bo‘lmasa-da, umumiy xavf-xatarning mavjudligi ayondir.

Britaniyalik ekspertning fikr bildirishicha, IHT mamlakatlar o‘rtasida amaliy jihatdan o‘zaro tajriba almashish hamda islom qoidalarining to‘g‘ri talqin etilishi va O‘rta asr Sharqining buyuk mutafakkirlari qoldirgan madaniy va ilmiy merosni targ‘ib etish orqali bag‘rikenglik g‘oyalarini tarqatishga yo‘naltirilgan qo‘shma dasturlarni hayotga tatbiq etish uchun juda yaxshi minbar bo‘lishga qodir.

Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi raisi, professor Sidxart Saksena qayd etganidek, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” shiori Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarni ezgu g‘oya atrofida birlashtirish va amaliy natijalarga erishish uchun ishonarli shart-sharoitlarni yaratadi.

Shuningdek, britaniyalik olim islomning taraqqiyparvar mohiyatini ilgari surish muhimligiga alohida e’tibor qaratar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.M.Mirziyoyevning Islom hamkorlik tashkiloti homiyligida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazini, Toshkent islom universiteti tarkibida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkilotining (ISESCO) maxsus kafedrasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga yuqori baho berdi.

ULASHISH