20-noyabr kuni Xitoyning Anxoy provinsiyasida aralash turdagi yakkakurashlar (MMA) bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Chinese Kungfu Championships (CKF) kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqa doirasidagi janglardan birida 57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida o‘zbekistonlik jangchi Furqatbek Yoqubov ringga ko‘tarildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Namanganlik sportchi ilgari mag‘lubiyatga uchramagan xitoylik Xao Liga qarshi bahs olib bordi hamda hakamlar qaroriga bilan uch raund yakuniga ko‘ra g‘alaba qozondi. Shu tariqa, O‘zbekiston vakili CKF versiyasi bo‘yicha jahon chempioni deb tan olindi.

“Uchrashuv qiyin kechdi, negaki men uzoq vaqt MMA’da chiqish qilmagan edim, raqibim ham kuchli edi. Lekin, Xudoga shukur, men g‘alaba qozondim va orzuimga — UFC (Ultimate Fighting Championship) tashkilotida chiqishlar qilishga yaqinlashdim. G‘alabani onamga bag‘ishlayman. Afsuski, u samolarda, lekin u hozir men bilan faxrlanayotganini bilaman”, — dedi Furqatbek Yoqubov, g‘alabasiga izoh berarkan.

Yoqubov kikboksing bo‘yicha yetti karra O‘zbekiston chempioni, penchak-silat bo‘yicha olti karra mamlakat chempioni, qo‘l jangi bo‘yicha respublika chempioni, kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston Kubogining olti karra chempionidir. Shuningdek, u xalqaro bahslarda ham ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, u kikboksing bo‘yicha Osiyo, Yevropa va jahon chempioni, penchak-silat bo‘yicha Jahon chempioni g‘olibi hisoblanadi.

ULASHISH