Boks bo`yicha O`zbekiston yoshlar terma jamoasi a`zolari Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan yoshlar o`rtasidagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashmoqda. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Dunyoning oltmishdan ziyod davlatidan uch yuzdan ortiq sportchi ishtirok etayotgan nufuzli musobaqaning vazni 52 kilogrammgacha bo`lgan charm qo`lqop ustalari o`rtasidagi bellashuvlarda Otabek Xolmatov qirg`izistonlik Fathiddin Hamroev va vengriyalik Istvan Szakani engib, navbatdagi bosqichga chiqdi.

Vazni 56 kilogrammgacha bo`lgan bokschilar o`rtasida Shunqor Abdurasulov italiyalik Matteo Pirrerani, 60 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilar bahsida Bilolbek Mirzarahimov qozog`istonlik Sanatali Toltaevni, vazni 64 kilogrammgacha bo`lgan bokschilar bellashuvida Behruz Rahmonov ozarbayjonlik Baxtiyor Gazibekovni mag`lubiyatga uchratdi.

69 kilogrammgacha vazn toifasida iqtidorli bokschimiz Ulug`bek Sobirov yaponiyalik Jen Kuroyanagi va jazoirlik Samir Mekauxe ustidan g`alaba qozondi. Vazni 75 kilogrammgacha bo`lgan bokschilar o`rtasida Shohrux Rustamov belaruslik Egor Skomorox va ozarbayjonlik Rasim Chobanliga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Yosh sportchimiz Sanjar Tursunov 81 kilogrammgacha vazn toifasida litvalik Vilandas Valsiukasni, vazni 91 kilogrammgacha bo`lgan charm qo`lqop ustalari o`rtasida Shohro`z Rahimov xitoylik Remula Abudorexituni mag`lub etdi.

ULASHISH