Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida oliy ta`lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko’tarish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Mustaqillik yillarida oliy o’quv yurtlari soni 37 tadan 81 taga o’sdi, shu jumladan, xorijiy mamlakatlar nufuzli oliy o’quv yurtlarining bir qator filiallari faoliyat yuritmoqda. O’zbekistonda ta`lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni tashkil etmoqda.

Bu YuNeSKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta`minlash uchun ta`limga yo’naltirilishi zarur bo’lgan investitsiyalar miqdori bo’yicha tegishli tavsiyalaridan, ya`ni 6-7 foizdan qariyb 2 barobar ko’pdir.

Birgina shu yilning o’zida Moliya vazirligi huzuridagi Oliy ta`lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg’armasi zarur infratuzilmani yanada rivojlantirish maqsadlari uchun 355,6 milliard so’m mablag’ ajratgan bo’lib, ular hisobidan 14 ta oliy o’quv yurtining kapital ta`mirlanishi ko’zda tutilmoqda. Xususan, 22 065 o’quvchi o’ringa ega bo’lgan 30 ta o’quv binolari, 3 560 o’ringa ega bo’lgan 12 ta talabalar turar joylari, 5 ta sport inshootlari, 3 ta talabalar oshxonasi, 2 ta Axborot resurs markazlari, 1 ta madaniyat saroyini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shu yilning to’qqiz oyi ichida ushbu oliy ta`lim muassasalari ob`yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun 201,3 milliard so’m yo’naltirildi.

Sohadagi navbatdagi vazifa sifatida partiya tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko’rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovoldi dasturida ilm-fan va ta`lim-tarbiya sohasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, uning nafaqat davr bilan hamohang bo’lishini, balki zamondan oldinda yurishini ta`minlash, pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning ilg’or usullaridan keng foydalanish, bu ishlarni xorijdagi nufuzli markazlar bilan hamkorlikda olib borish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo’yicha bir qator g’oyalar ilgari suriladi.

Xususan, 2017-2021 yillarda Oliy o’quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirish bo’yicha dastur ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etish rejalashtirilmoqda. Elim deb, yurtim deb yonib yashayotgan, ijtimoiy-siyosiy hayotning har bir jabhasida faol ishtirok etib kelayotgan har bir yurtimiz fuqarosini prezidentlik saylovlarida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqiramiz.

ULASHISH