…O‘ttiz to‘rt yoshli ko‘hlikkina bu juvon bir qarashda dunyoda hech tashvishi yo‘q insonga o‘xshaydi: ko‘zlari kulib turadi, biroq u to‘qqiz yildan buyon o‘z organizmida immunitet tanqisligi virusi bilan kurashmoqda. Bu haqda O‘zA hikoya qilmoqda

O‘zining aytishicha, hamshira bo‘lib ishlab yurganida ehtiyotsizlik tufayli ishlatilgan shprits ninasidan jarohat olib virusni yuqtirib olgan. Eri bundan xabar topgach, qizi bilan ko‘chaga haydagan. Dastavval ayol “shok”ka tushadi, yo‘l topolmaydi. Ma’lum vaqt o‘tgach, yuragida ming bir xavotir bilan qizini OIV testidan o‘tkazadi. Qizaloq qonida mazkur virus yo‘qligi aniqlanganda ayol Respublika OITSga qarshi kurash markazida davolana boshlaydi.

O‘zbekistonda OIV/OITSga chalinish ko‘rsatkichi MDH davlatlari orasida ancha past. 2013-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslarning ijtimoiy muhofazasi mustahkamlandi, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilandi, epidemiyaga qarshi kurashish samaradorligi oshdi. OIV infeksiyasiga chalingan bemor bolalarga oylik nafaqa belgilandi.

Har yili mazkur xastalikni aniqlash uchun zarur laboratoriya jihozlari, test-sistemalar olish uchun davlat budjetidan 5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilmoqda. OIVni immunoferment tahlil usulida aniqlashda mamlakat tibbiyotida keng foydalaniladigan zamonaviy 4-avlod test tizimlari ilgari xorijdan keltirilgan bo‘lsa, bugun ular O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi “Radiopreparat” davlat korxonasida va akademiyaning O‘simlik moddalari kimyosi institutida ishlab chiqarilmoqda.

Mamlakatda OIV bilan kasallanish ko‘rsatkichlari 2015-yilda 5,5 foiz, 2016-yilning o‘tgan davrida 8 foiz pasayishiga erishildi. Respublika OITSga qarshi kurash markazi olimlarining “OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishi xavfini baholaydigan mezonlar” to‘g‘risidagi ixtirosi natijasida homilador ayollarni ro‘yxatga olingandan to bola 2 yoshga to‘lgunicha ularda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni tibbiyot xodimlari oldindan aniqlab, o‘z vaqtida bartaraf qilib borishi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida, bugun OIV infeksiyali onadan sog‘lom bola tug‘ilish ko‘rsatkichi O‘zbekistonda 99,3 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, rivojlangan Yevropa davlatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 98,5 foizga teng.

…Darvoqe, xabar avvalida hikoya qilingan ayolning keyingi taqdiri o‘quvchilarni qiziqtirayotgan bo‘lsa kerak.

— Bu ayolning hayotga intilishi hammamizga, avvalo, o‘ziga yordam berdi, — deydi Respublika OITSga qarshi kurash markazi psixologi Aziza Ahmedova. — Zarur dorilarni vaqtida olib, psixologik treninglarda faol qatnashdi. Uch yil avval o‘zi kabi OITSga chalingan bemorimiz bilan turmush qurdi. Er-xotin organizmida virus xuruji o‘ta past vaqtda tabiiy yo‘l bilan sog‘lom farzand ko‘rishdi. Hozir ikkinchi qizi ikki yoshda. Har tomonlama sog‘lom. Ahil-totuv hayot kechirishmoqda. Ayol kelgusi faoliyatini o‘zi kabi bemorlarga yordam berishga bag‘ishladi.

ULASHISH