Samarqand viloyatining Urgut tumanida, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida va Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini yaratish rejalashtirilmoqda. Davlat rahbarining bu haqdagi farmoni loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlanib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga muhokama uchun joylandi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Yangi erkin iqtisodiy zonalarni yaratish to‘rtta viloyatda mineral-xomashyo resurslari va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxonalar yaratish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga qulay sharoitlarni yuzaga keltirishga, shuningdek, ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks tarzda va samarali foydalanishga yo‘naltirilgan.

Ushbu zonalarning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va keyinchalik uzaytirilishi mumkin, bu vaqt davomida bu yerda alohida soliq va bojxona imtiyozlari amal qiladi.

Tuziladigan yangi korxonalar meva-sabzavot va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, gilam to‘qish, poyabzal va charm mahsulotlari, ekologik xavfsiz kimyoviy, farmatsevtik, oziq-ovqat, elektrotexnik sanoat, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari va boshqa sohalarga taalluqli bo‘ladi.

Ayni paytda O‘zbekistonda uchta — “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” erkin iqtisodiy zonalari mavjud.

ULASHISH