O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi tashkil etilganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida markaz direktori A. Mansurov va boshqalar mamlakatda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Markaz bugungi kunda giyohvandlik vositalari ustidan nazorat sohasida davlat strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirishda bevosita ishtirok etmoqda. O‘tgan davrda narkotik moddalarning tarqalishi va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha uchta uzoq muddatli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, amalga oshirildi. Hozirgi kunda mutasaddi vazirlik va idoralar, shuningdek, jamoat tashkilotlari ishtirokida 2016–2020-yillarga mo‘ljallangan dastur ijrosi izchil ta’minlanmoqda.

Mamlakatda giyohvandlik profilaktikasi sohasida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Giyohvandlik bilan birlamchi kasallanish ko‘rsatkichi keskin kamaygan.

Markaz tomonidan idoralararo ma’lumotlar bazasi yaratildi va joriy etildi. Bu baza eng ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, huquq-tartibot idoralari o‘rtasida o‘zaro ma’lumotlar almashinuvida muhim o‘rin tutmoqda.

Xalqaro majburiyatlarni ijro etish doirasida har yili 26-iyun — Xalqaro narkotik moddalarni suiiste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kunida huquq-tartibot idoralari tomonidan musodara etilgan narkotik moddalar an’anaviy ravishda yoqib yuborilmoqda. 1994-yildan buyon 55 tonnadan ortiq narkotik modda yo‘q qilindi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

ULASHISH