O‘zbekiston dunyo xayr-saxovat reytingida (World Giving Index) 11-o‘rinni egalladi. Reyting Charities Aid Foundation (CAF) xayriya jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan, deb yozadi UzDaily.

CAF jamg‘armasi dunyoning 140 ta mamlakatida inson saxiyligi va yaqinlarga yordam berishga tayyorligini o‘rganib chiqdi. Bunda kishilarning turli xayriya loyihalariga pul berishga va volontyorlik ishi bilan tekin shug‘ullanishga tayyorligi, qolaversa shunchaki begona insonga yordam berishga — uni ovqatlantirib yoki u bilan oxirgi ko‘ylagini bo‘lishishga tayyor ekanligi o‘rganildi.

CAF hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 52 foizga yaqini turli xayriya aksiyalarida ishtirok etsa, aholining 67 foizi begona insonga yordam berishga tayyor (16-o‘rin).

O‘zbekiston aholisining 62 foizi pul xayr-ehson qilsa (16-o‘rin), mamlakat fuqarolarining 27 foizi volontyorlik bilan shug‘ullanadi (dunyo bo‘yicha 40-o‘rin).

2016-yilgi reytingda Myanma yetakchilik qildi. AQSh ikkinchi o‘rinni, Avstraliya esa uchinchi o‘rinni egalladi. Reytingning oxirgi o‘rnidan (140) Xitoy joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, 2015-yilda e’lon qilingan xayr-saxovat bo‘yicha dunyo reytingida O‘zbekiston 27-o‘rindan joy olgandi.

ULASHISH