28-oktabr, juma kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi ma’lum qildi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Sarvar Sadullayevich Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Madjitovich Umarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran ularning saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Shu munosabat bilan majlisda saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish hamda komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

ULASHISH