O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni “2017—2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. “Gazeta.uz”ning yozishicha, dastur ijrosi doirasida quriladigan arzon uylarni ipoteka kreditiga sotib olish mumkin bo‘ladi.

2009-yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturi doirasida uy quruvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi Dastur bo‘yicha ushbu badal birinchi va ikkinchi turdagi uylarni quruvchilar uchun atigi 15 foizni tashkil etadi.

“Bu arzon uylar Dasturiga qishloq aholisining keng qatlamlarini jalb etishga ko‘maklashadi”, — deb yozadi “Gazeta.uz”.

Bundan tashqari, ipoteka krediti uch yillik imtiyozli davr va birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan 15 yil muddatga beriladi.

Keyingi yillarda kreditning foiz stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo‘lmaydi. Hozirgi vaqtda mazkur stavka yillik 9 foizni tashkil etadi.

ULASHISH