O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni “2017—2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, dasturda qishloq joylarda narx parametrlari va shinamliligiga ko‘ra yakka tartibdagi uy-joylar namunalarining uchta eng arzon turlarini qo‘shimcha ravishda barpo etish nazarda tutiladi.

Uch qavatli uy, ikki va uch xonali kvartiralar

Jumladan, birinchi turi bo‘yicha uch yoki to‘rt yo‘lakli, xo‘jalik imoratlari va obod hovlilari bo‘lgan ikki va uch qavatli ko‘p kvartirali uylar barpo etishni nazarda tutadi. Misol uchun bunday uylarda umumiy maydoni 42,4 kvadrat metr va taxminiy qiymati 72,5 million so‘m, xo‘jalik imoratlari hisobga olingan holda 85,0 million so‘m bo‘lgan ikki xonali kvartiralar qurish rejalashtirilmoqda.

O‘z navbatida, uch xonali kvartiralarning maydoni 52,4 kvadrat metr va taxminiy qiymati 88,5 million so‘m, xo‘jalik imoratlari hisobga olingan holda 100,7 million so‘m bo‘ladi.

Bundan tashqari, ko‘rsatib o‘tilgan ko‘p kvartirali uylarni qurishda kvartiralar egalarining ehtiyojlarini qondirish maqsadida hovlida joylashtiriladigan imoratlar — bolalar maydonchalari, dam olish uchun ayvonlar, dush va boshqalar barpo etish nazarda tutiladi.

2 sotix, bir qavatli, ikki va uch xonali

Ikkinchi turiga muvofiq aholi zich joylashgan tumanlarda 2 sotix maydondagi yer uchastkasida barpo etiladigan bir qavatli ikki va uch xonali arzon uylar qurish mo‘ljallanmoqda. Bunday ikki xonali uylarning umumiy maydoni 53,0 kvadrat metr va taxminiy qiymati 93,8 million so‘m, xo‘jalik imoratlari hisobga olingan holda 101,5 million so‘m bo‘ladi.

Uch xonali uylarning umumiy maydoni 63,5 kvadrat metr va taxminiy qiymati 111,0 million so‘m, xo‘jalik imoratlari hisobga olingan holda 118,7 million so‘m bo‘ladi. Uylarning hovlisida xo‘jalik imoratlari qurish nazarda tutiladi.

4 sotix, ikki qavatli, to‘rt xonali

Uchinchi turi 4 sotix maydondagi yer uchastkasida barpo etiladigan umumiy maydoni 115,0 kvadrat metr bo‘lgan yagona blokka birlashtirilgan ikki qavatli to‘rt xonali uylar qurishni nazarda tutadi. Bunda ko‘rsatib o‘tilgan uylarning taxminiy qiymati 162,0 million so‘mni, xo‘jalik imoratlari hisobga olingan holda 181,8 million so‘mni tashkil etadi. Uylarning hovlisida xo‘jalik imoratlari qurish nazarda tutiladi.

6 sotixlisi ham bormi?

Ha, bir qavatli, 6 sotix maydonga ega bo‘lgan 3, 4 va 5 xonali uylarni qurish ham rejalashtirilgan. Ularning narxi 182 million so‘mdan yuqori bo‘lishi haqiqatga yaqin.

ULASHISH