O’zbek xalqining sevimli shoiri va jamoat arbobi, O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sobiq rahbari, O’zbekiston madhiyasining so’zlari muallifi, «Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi» xalqaro ijtimoiy harakatining vitse-prezidenti va O’zbekistondagi Intellektual mulk agentligi rahbari – Abdulla Oripov (1941-2016) hayotdan ko’z yumdi. U litseyimiz tomonidan o’tkazilgan ko’pgina madaniy tadbirlarda ishtirok etish maqsadida bu yerga kelib turar edi. Yagona o’g’li bizning «Interxaus»imizda ta`lim olgan. Shu sababli, jamoamiz orasida shoirning nomi tez-tez va iliqlik bilan tilga olinadi.

O’zbek xalqining buyuk farzandi, O’zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov 2001 yilda Abdulla Oripovning 60 yillik to’yi munosabati bilan qutlab, shunday degan edi: «Hozirgi kunda xalqimiz, 500 yildan ziyod vaqt o’tgan bo’lishiga qaramay, Hazrati Alisher Navoiyni qalbida saqlaganidek, Sizni ham, azizim Abdullajon, asrlar osha unutmaydilar…».

Abdulla Oripovning ijodi va ijtimoiy faoliyati to’g’risida o’zbekistonliklar ko’p ma`lumotga ega. Biroq Abdulla akaning xalqaro maydondagi ulkan xizmatlarini ko’pchilik tanimaydi: 1995 yilda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati vakillarining Birinchi Qurultoyiga delegat, 4 yildan so’ng esa rahbari etib saylandi. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan hamda qardosh davlatlar Prezidentlarining qo’llab – quvvatlashi, shuningdek, madaniyat arboblarining faol ishtirokiga binoan, 1995 yilning 21-22 noyabr kunlarida Toshkent shahridagi «Turkiston» sa`nat saroyida «Turkiston — umumiy uyimiz» shiori ostida, mustaqil davlatlar milliy madaniyatini o’zaro rivojlantirish va integratsiyalashtirishga qaratilgan kuchli qurol yaratildi.

N.A. Nazarbayev, A.A.Akayev, E.Sh. Rahmonov va I.A.Karimov O’rta Osiyo va Qozog’iston xalqlarining atoqli madaniyat arboblari forumi ishida ishtirok etishlari uchun har bir mamlakatdan 50 nafardan vakil yuborishdi. Qurultoyning ochilish marosimida O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston Prezidentlarining Birinchi Qurultoy qatnashchilariga jo’natgan salom so’zlari o’qib eshittirildi.

Toshkent shahri — «Assambleya»ning Bosh qarorgohi deb qabul qilindi, butun dunyoga mashhur qirg’iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov – «Assambleya»ning Prezidenti etib tayinlandi. Bundan tashqari, Bosh qarorgohda faoliyat yuritishi uchun 2 nafar birinchi vitse-prezident, har bir mamlakatda «Assambleya» filiali boshqaruvchisi sifatida 1 nafardan vitse-prezident saylandi, Bosh Kengash (20 nafar a`zodan iborat) va Reviziya kommisiyasi (5 nafar a`zodan iborat) tashkil qilindi.

Abdulla Oripov O’zbekiston poytaxtida joylashgan «Assambleya»ning Bosh qarorgohi faoliyatida sermahsul ish olib bordi. Shuning natijasida 1999 yil 26 mart kuni Fransiya poytaxti Parijda joylashgan YuNESKOning Bosh qarorgohi binosida bo’lib o’tayotgan Oliy Kengash majlisida Abdulla Oripovni O’zbekiston Respublikasi tomonidan «Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi» vitse-prezidenti qilib saylashdi.

Abdulla aka mashhur qirg’iz yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi , Issiq-Ko’lda birinchi xalqaro « galstuksiz uchrashuv»ni olib borgan, bir nechta xalqaro nodavlat ijtimoiy tashkilotlar: Issiq-Ko’l Forumi (Bishkek,1986), XIH assambleyasi (Toshkent,1995), Arab-turk Markazi ( Ma`naviyat, madaniyat, iqtisod) ( Bishkek,1986) va boshqalarga rahbarlik qilgan – Chingiz Torekulovich Aytmatov asos solgan va boshqargan Markaziy Osiyo xalqlari diplomatiyasini rivojlantirish ishlariga ulkan hissa qo’shdi.

XIH assambleyasi rahbariyati: o’rtadaChingiz Aytmatovprezident, Abdulla Oripovvitseprezident, ikki chekkada Odil Yoqubov va Fazliddin Xamrayev, birinchi vitseprezidentlar.

 

O’zbekiston elchixonasi vakillari bilan Fransiyadagi uchrashuv.

 

YuNeSKO Bosh direktori Federiko Mayorning “Assambleya” Oliy Kengashi a`zolari bilan uchrashuvi (1999 yil 26 mart, Parij).

«Assambleya»ning rejasiga binoan, Abdulla aka 1999 yilda yosh shoirlarning birinchi respublika seminarini o’tkazishi, so’ng Markaziy Osiyo miqyosida ham xuddi shunday seminarni tashkil etishi lozim edi. Shu munosabat bilan u Jizzax viloyatining yosh hokimi Sh.M.Mirziyoyevga respublika seminarini o’tkazishda yordam berishini iltimos qilib murojaat etdi. Shavkat Miromonovich unga javoban: «Shoirlar – millatimiz boyligidir!», dedi. U nafaqat yosh shoirlar uchun nihoyatda muhim va esda qolarli anjumanni tashkil qilishda yordam berdi, balki unga homiylik qilib, har bir ishtirokchiga esdalik sovg’alarini tortiq etdi. Ushbu ikki kunlik anjumanda har bir viloyatdan tashrif buyurgan yosh shoirlar o’zlarining yangi she`rlari bilan qatnashib kengashdilar va hay`at a`zolari g’oliblarni aniqladi. Seminarga to’planganlar katta qiziqish bilan O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Jizzaxdagi filiali, ulkan yopiq Sport majmuasi, ippodrom, stadion va boshqa yangi qurilgan ijtimoiy-maishiy ob`yektlarni ko’zdan kechirdilar.

Tadbir o’z nihoyasiga yetganidan keyin Abdulla aka va men Bryusselga, «Assambleya» prezidenti Chingiz Aytmatovga qo’ng’iroq qildik va Jizzaxda muvaffaqiyat bilan o’tkazilgan tadbir haqida hisobot berdik. Chingiz Aytmatov Bryusselda Qirg’izistonning BENILYuKS davlatlaridagi, Fransiyada esa 1994-2007 yillarda Favqulodda va Muxtor elchisi, shuningdek, Qirg’izistonning Yevropa Kengashi va YuNESKO (1994-2007)dagi Muxtor elchisi sifatida yashagan va faoliyat yuritgan. Ilgariroq u Lyuksemburgda (1990-1993) sobiq ittifoq va Rossiyaning Favqulodda va Muxtor elchisi bo’lib xizmat qilgan. YuNESKO ma`lumotlariga ko’ra, 1998 yilda Chingiz Aytmatov asarlari eng ko’p chop etilgan zamonaviy klassik adiblardan edi. Uning kitoblari 165 ta tilda 67 million 200 ming nusxada 830 marta chop etilgan.

1999 yil. Jizzax viloyati hokimi yosh shoirlar respublika seminari ishtirokchilarini mehmondo’stlik bilan kutib olmoqda: o’rtada Abdulla Oripov va Shavkat Mirziyoyev.

 

«Assambleya» vitseprezidenti A.Oripovning 60 yillik yubileyitantanasida «Assambleya» prezidenti Chingiz Aytmatov nomidan yuborilgan esdaliksovg’asi taqdim etilish marosimi.

Mashhur yozuvchi shunday qiyin paytda ham she`riyatni qadrlovchi rahbarlar borligiga xursand bo’ldi va Jizzax viloyati hokimini « Markaziy Osiyoning birinchi she`riyat metsenati» degan nom bilan atab, unga o’z nomidan alohida minnatdorchilik bildirishlarini so’radi. Ertasi kuni shu mazmunda telefaks jo’natib, Olma-Ota (Qozog’iston), Bishkek (Qirg’iziston) va Dushanbe (Tojikiston) dagi Assambleya XIH filiallariga ana shunday anjumanlarni o’tkazishda o’zbek hamkasblaridan ibrat olishlari hamda san`atni qadrlovchi homiylar topishlarini taklif qildi.

«Assambleya»ning ish faoliyatini yuritishda Markaziy Osiyo xalqlarining taniqli madaniyat, ilm va san`at arboblari: Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, Po’lat Xabibullayev, Fazliddin Hamrayev, Abdulla Oripov, Abduhamid Samadov, O’lmas Mirsaidov, Asliddin Nizomov, Tulepbergen Qaipbergenov, Abjyemil Nurpeisov, Nurlan Orazalin, Muxtar Shahanov, Kazat Akmatov, Rustam Rahmanaliyev va boshqa atoqli yozuvchi, shoir, olim, rassom, sana`tkor, rejissyorlar faol ishtirok etishdi.

Shu o’rinda mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov haqida ikkita tarixiy voqeani yodga olsak:

  1. O’zbek xalqi uchun nihoyatda og’ir bo’lgan «paxta ishi», «o’zbek ishi»ga aylantirilgan, respublika boshqaruvining barcha jabhalaridagi o’n minglab rahbarlar mahkum qilingan o’sha mash`um 1985-1990 yillarda sovet ziyolilari orasida birgina Chingiz Aytmatov «Pravda» ro’znomasida e`lon qilgan maqolasida o’zbek xalqini himoya qiluvchi ovoz berdi. U dunyoga shuncha olimu fozillarni in`om etgan, ko’hna madaniyat sohibi bo’lmish o’zbek xalqining jinoyatchi bo’lishi haqiqatdan mutlaqo yiroq ekanligi to’g’risida kuyunib yozgan edi. Yozuvchining matbuotdagi mardona chiqishidan so’ng Markaz rahbarlari minglab begunoh odamlarni qamoqxona azobidan xolis etishga majbur bo’ldilar.
  2. Amir Temurning 660 yillik to’yi tantanalari munosabati bilan 1996 yil 21 noyabrda o’tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada Chingiz Aytmatov o’z maqolasida quyidagicha izoh keltiradi: « Vizantiya slavyan xalqlari taqdirida qanday muhim rol o’ynagan bo’lsa, o’zbek xalqi ham Markaziy Osiyo turkiy xalqlari hayotida salohiyatli o’ringa ega». Esimizda, uning shu so’zlaridan keyin Toshkentdagi «Turkiston» saroyi zali gulduros qarsaklardan larzaga keldi hamda Prezident I.A.Karimov boshchiligida konferensiya qatnashchilari buyuk qirg’iz yozuvchisiga minnatdorchilik bildirishdi.

TIMI qoshidagi “International House-Tashkent” akademik litsey xodimlari va falsafa fanlari nomzodi, bosh o’qituvchi, «Assambleya»ning sobiq vitse-prezidenti Fazliddin Xamrayev tomonidan tayyorlandi.

manba: Kun.uz

ULASHISH