10-noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Iordaniya terma jamoalari o‘zaro o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Mazkur bellashuv oldidan “Championat.asia” nashri tomonlarning Toshkentda o‘tgan o‘yinlari statistikasiga e’tibor qaratdi.

Bunga qadar Iordaniya terma jamoasi Toshkentga to‘rt bor tashrif buyurgan bo‘lib, shularning 2 tasida durang o‘ynagan va 2 tasida mag‘lub bo‘lgan. O‘zbekiston tomonining g‘alabasi bilan yakuniga yetgan bellashuvlar o‘rtoqlik maqomida bo‘lgan. Jumladan, 2008-yil O‘zbekiston raqibini 4:1 hisobida, 2014-yil esa 2:0 hisobida taslim qilgan.

JCh saralashlari doirasida kechgan ikki bellashuvda esa Iordaniya terma jamoasi safarda durangga erishgan. 2001-yilgi saralash 2:2 hisobi bilan yakuniga yetgan bo‘lsa, 2013-yil tomonlar pley-off raundida to‘qnashgan. Uchrashuv 1:1 hisobi bilan yakuniga yetgan, penaltilar seriyasida esa omad iordaniyalik futbolchilarga kulib boqqan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston — Iordaniya o‘yini 10-noyabr kuni 17:00 da start oladi. 13-noyabr kuni charter reys bilan Seulga yo‘l oladigan Samvel Babayan boshqaruvidagi O‘zbekiston termasi, 15-noyabr kuni JCh—2018 saralashi doirasida Janubiy Koreyaga qarshi saf tortadi.

ULASHISH