O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi prezident saylovi arafasida xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Bu haqda IIVning Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta`minlash boshqarmasi boshlig’i Ilhom Turg’unovga asoslanib RIA Novosti xabar qilgan.

Prezident saylovlari 4 dekabr kunida bo’lib o’tadi. Markaziy saylov komissiyasi ma`lumotiga ko’ra, O’zbekiston prezidenti saylovini o’tkazish uchun 9378ta saylov uchastkasi tuzildi, ularda 21,435 million nafar saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. O’zbekistonda rasman faoliyat ko’rsatuvchi 4 partiyaning barchasi saylovlarda ishtirok etish uchun ko’rsatgan nomzodlar ro’yxatga olingan.

«Saylov okruglari va uchastkalarida xavfsizlikni ta`minlash maqsadida ichki ishlar xodimlari, avtotransport, aloqa va boshqa texnik vositalar yetarlicha miqdorda ajratildi. Saylov uchastkalariga yong’in haqida avtomatik ogohlantiruvchi tizimlar o’rnatildi», — degan Turg’unov.

U eslatib o’tganki, O’zbekiston MSK saylov varaqalari va byulletenlarini hamda ovoz berish natijalari haqidagi bayonnomalarni tashishda xavfsizlikni ta`minlashni IIV zimmasiga yuklagan.

«Mazkur hujjat asosida IIV va uning mahalliy bo’linmalari tomonidan saylov vaqtida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash, turli noxush holatlar oldini olish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda», — deya qo’shimcha qilgan u.

manba: Kun.uz

ULASHISH