O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon 835 korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 246 turdagi yangi mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy mahsulotlarni chetga yetkazish geografiyasi 52 ta yangi bozorga ko‘paydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasining mamlakatni joriy yil 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bo‘yicha hisobotida ma’lum qilindi, deya xabar beradi O‘zA.

Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Livan, Iordaniya, Iroq, Gana, Senegal, Kot-d’Ivuar, Somali, Nigeriyaga yengil avtomobillar, Yaponiya, XXR, AQSh, Isroilga vinomateriallar va vino-aroq mahsulotlari, Polsha, XXR, Turkiya, Janubiy Koreya, Latviya, Afg‘onistonga kimyo mahsulotlari, Shvetsiya, Ruminiya, Bolgariya, Turkiyaga mineral o‘g‘itlar, Belarus, Ozarbayjon, Polsha va Janubiy Koreyaga sport poyabzallari, charm buyumlar va boshqa mahsulotlar eksport qilindi.

Buning samarasida shu yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, tovar va xizmatlar eksport hajmi 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,4 foiz o‘sdi. Polietilen, trikotaj polotno, ip gazlama, farmatsevtika preparatlari va tibbiyot buyumlari, molibden, volfram mahsulotlari, ammofos, kalsiylashtirilgan soda, yuk avtomobillari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlarni eksport qilish hajmi oshdi.

Mamlakatda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilgani, jumladan, “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tashkil etilgani natijasida joriy yil 9 oyida 543 ming tonnadan ziyod yoki 2015-yilning shu davriga nisbatan 40,4 foiz ko‘p ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

ULASHISH