Toshkentda bo’lib o’tgan xalqaro simpoziumda ma`ruzalarni tinglagan ishtirokchilar to’rt tematik sho’`baga tarqalishdi.

Nazariy va astrofizika masalalariga bag’ishlangan birinchi sho’`bada Ozarboyjon, Rossiya, Xitoy, AQSh, Latviya va hindistonlik fizik olimlarning ma`ruzalari tinglandi. Ma`ruzachilar koinotni kuzatish va astrometrik tadqiqotlar o’tkazishdagi yangiliklar, qattiq jismlar fizikasi, kvant fizikasi masalalariga oid fikr-mulohazalarini taqdim etdilar. Astrometriya va koinotni kuzatish faoliyati haqidagi ma`ruzalarda olimlar O’zbekistondagi Maydanak observatoriyasining bu boradagi ahamiyatini qayd etishdi. Xususan, ekzosayyora (Quyoshdan boshqa yulduzlar atrofida aylanuvchi sayyora)lar haqidagi qiziqarli ma`ruzani taqdim etgan rossiyalik olim Dmitriy Bisikalo bu tipdagi yangi sayyoralarni kashf etishda Maydanak bilan hamkorlik yaxshi natija berishi haqida ta`kidlab o’tdi. Taqdimotlar orasida germaniyalik yosh olim Ziri Yonsining qora tuynuklarni tasvirga tushirish haqidagi ma`ruza barcha uchun qiziq bo’ldi. U bu boradagi tadqiqotlardan jamoatchilikni xabardor qilish usullariga ham to’xtalib o’tdi.

Sho’`ba yig’ilishining nazariy fizika qismida gollandiyalik olim Jan Zaanenning qattiq jismlar fizikasiga bag’ishlangan ma`ruzasi qizg’in muhokamalarga sabab bo’ldi. Olimning bu sohadagi turli nazariyalarni birlashtirib ilgari surgan yangi farazlari haqida yig’ilganlar ma`ruzadan so’ng ham ancha muddat munozara qildilar.

Eksperimental fizika natijalari muhokama qilingan ikkinchi sho’`ba yig’ilishida yarimo’tkazgichlar fizikasi, o’ta o’tkazuvchanlik hodisasi, metallarning fizik-ximik xossalari kabi mavzular yuzasidan Yaponiya, Qozog’iston, Latviya kabi mamlakatlardan kelgan fizik olimlarning ma`ruzalari tinglandi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo’llash imkoniyatlariga bag’ishlangan ma`ruzalar xalqaro simpoziumning uchinchi sho’`basida tinglandi. Yig’ilganlar e`tiboriga quyosh energiyasini yanada samarali o’zlashtirishda polimer elektrolit va bo’yoq moddalardan foydalanish masalalari (Malayziya), terining himoya funksiyasini kuchaytiruvchi kapsulalar (Germaniya), ultrabinafsha va infroqizil nurlarni o’tkazmaydigan (O’zbekiston) va elektroxrom oyna (Rossiya) kabi amaliy ahamiyatga ega loyihalar taqdim etildi. Xorijlik olimlar bilan bir qatorda, o’zbek tadqiqotchilari ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, quyosh energiyasidan foydalanishning yangi imkoniyatlari haqidagi ma`ruzalari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish tashkiloti Materialshunoslik milliy instituti vakili Sulton Sulaymonov quyosh energiyasini o’zlashtiruvchi qoplamalar uchun kompozitsion materiallar sintezining yangi texnologiyasini taqdim qilar ekan, quyosh energiyasi bilan shug’ullanuvchi tadqiqotchilar oldida turgan eng asosiy masala elektr energiyasi tannarxini tushirishdan iborat ekanligini ta`kidladi».

To’rtinchi sho’`bada fundamental va amaliy fizikadagi yangi materiallar mavzusiga oid ma`ruzalar tinglandi. Unda Buyuk Britaniya, Belgiya, Pokiston, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Gretsiya va Ukrainadan kelgan olimlar o’z izlanishlari natijalarini taqdim qilishdi.

Sho’`balar doirasidagi barcha ma`ruza va muhokamalar nihoyasiga yetgach, ishtirokchilar xalqaro simpoziumning yakuniy yig’ilishida to’plandilar. Dastlab yig’ilish raisi, O’zbekiston Milliy universiteti rektori professor Avaz Marahimov so’zga chiqib, bu toifa anjumanlarning mamlakatda ilm-fan taraqqiyotidagi ahamiyatini ta`kidlab, simpozium ishtirokchilariga qiziqarli va dolzarb taqdimotlar uchun minnatdorlik so’zlarini bildirdi.

manba: Kun.uz

ULASHISH