Bir necha yil avval «Riderz Dayjyest» jurnalida bir ajoyib o’qituvchi ayol haqida maqola paydo bo’lgandi — uning kichik topshirig’idan keyin o’quvchilar o’z kuchlariga ishona boshlashgan. Har qanday insonni ruhlantiruvchi dono saboqlarni sizlar bilan bo’lishishga qaror qildik.

Minnesota shtatida yashovchi matematika o’qituvchisi o’quvchilariga shunday vazifa berdi: sinf ro’yxatini tuzish, har bir bolaning xulq-atvoridagi o’zingizga yoqqan tomoni haqida o’ylab ko’ring va bu sifatni uning familiyasi qarshisiga yozing. Darsning oxirida u o’quvchilardan bajarilgan vazifalarni yig’ib oldi. O’sha kuni juma edi. Dam olish kunlari ayol barcha natijalarni tahlil qilib chiqdi va dushanba kuni har bir o’quvchiga sinfdoshlarining u haqidagi ijobiy fikrlarini yozib tarqatdi. O’quvchilar ularni o’qiy boshlashdi, u yer-bu yerdan pichirlagan ovozlar eshitildi: «Nahotki, bularning barchasi men haqimda? Meni bunday yaxshi ko’rishlarini bilmas edim». Ular natijalarni sinfda muhokama qilishmadi, lekin o’qituvchi maqsadiga erishgani va o’quvchilarning o’ziga bo’lgan ishonchi ortganini aytdi.

Yillar o’tib, o’quvchilardan biri — Mark Ekland Vetnamda halok bo’ldi. Uni o’z vatani, Minnesotada dafn qilishdi. Mark bilan xayrlashishga uning do’stlari, sinfdoshlari, o’qituvchilari kelishdi. Dafn marosimida uning otasi matematika o’qituvchisining yoniga yaqinlashdi: «Men sizga bir narsa bermoqchiman, — u katmonidan to’rt buklangan qog’ozni oldi. Ko’rinishidan u ko’p marta ochib o’qilgandi. — Buni Markning kiyimlari ichidan topishdi, u bu qog’oz bilan ajralmasdi. Taniyapsizmi?» Bu Markning ijobiy xislatlari bitilgan qog’oz edi.

— Sizga katta rahmat, — dedi Markning onasi. — O’g’limiz buni juda qadrlar edi.

Shu payt kutilmagan voqea sodir bo’ldi: Markning sinfdoshlari ketma-ket ijobiy xislatlari yozilgan  qog’ozlarini ola boshlashdi, ko’pchilik o’zining ijobiy xislatlar ro’yxatini yonida olib yurardi, kimdir uni oilaviy albomda saqlar edi. Ulardan biri shunday dedi: «Bu ro’yxatlarni barchamiz saqlab qo’yganmiz. Shunday narsani tashlab bo’ladimi?»

manba: Kun.uz

ULASHISH