Radioaktiv qoldiqlardan elektr jihozlarni quvvatlash moslamalarini tayyorlash mumkin ekan. Bunday qayta ishlash usulini Buyuk Britaniyadagi Bristol universiteti xodimlari har yilgi «Olamni o‘zgartiruvchi g‘oyalar” konferensiyasida taklif etdilar. Bu haqda gazeta.ru xabar berdi.

Qoldiqlardan tayyorlangan sun’iy olmoslar elektr tokini mustaqil tarzda ishlab chiqaradi va asosidagi radioaktiv modda turiga qarab uzoq vaqtgacha elektr manbayi bo‘lib xizmat qila oladi. Misol uchun nikel-63 ishlatilganda “batareya” o‘z energiyasining yarmini 100 yildan keyin yo‘qotadi, uglerod-14 ishlatilganda esa bu vaqt besh ming yildan uzoqqa cho‘ziladi.

Hozirda uglerod-14 qoldiqlari Magnox kabi yadroviy reaktor grafit bloklarida katta miqdorda saqlanmoqda. Bugungacha deyarli 95 tonna qoldiq yig‘ilib qolgan. Tadqiqotchilardan biri, Neyl Foksning so‘zlariga ko‘ra olmos ko‘rinishidagi uglerod-14 hech qanday radioaktiv xavf tug‘dirmaydi.

Yangi “batareyalar” kam miqdorda — bir gramm uglerod-14 sutkada 15 Joul energiya ishlab chiqaradigan bo‘ladi (taqqoslash uchun, odatiy “tasmali” batareyalar 700 J/g). Yadroviy chiqindilardan tayyorlangan “batareyalar“ning uzoq vaqt xizmat qilishi, qurilmalarni qayta quvvatlash yoki batareyalarni almashtirish imkoni bo‘lmagan vaqtda qo‘l keladi. Bundan tashqari ularni kam energiya talab qiluvchi uskunalarda ham qo‘llash mumkin.

ULASHISH