Olimlar yoqimsiz shovqin nafaqat bemorlarning, balki sog‘lom odamlarning ham quloqlarida paydo bo‘lishini aniqladilar, — deb yozadi mir24.tv.

Sog‘lom odamning quloqlarida paydo bo‘ladigan shovqin vahima va bezovtalikni keltirib chiqaradi. Shifokorlar bu holatdan tashvishga tushish kerak emasligini aytishmoqda. Shovqin va ovoz paydo bo‘lishining eng asosiy sabablaridan biri o‘rta quloq tomirlaridagi qon harakatidir.

Ba’zi vaqtlarda quloqdagi shovqin organizmdagi muammolardan darak berishi ham mumkin. Bunday shovqinni ko‘pincha “eshitish mexanizmi” buzilgan odamlar eshitadilar. Bundan tashqari shovqin yurakdagi muammolarga ham bog‘liq bo‘lishi ehtimoli mavjud. Avitaminoz, eshitish nervidagi yallig‘lanish, turli infeksiyalar ham quloqda shovqin keltirib chiqarar ekan.

Bu holatlarning barchasida quloq barabanida bosim hosil bo‘ladi. Eshitish qobiliyatining pasayishi yoqimsiz shovqin balandligini oshirishi mumkin.

Shifokorlar quloqdagi shovqin tez-tez bezovta qiladigan bo‘lsa, tekshiruvdan o‘tish kerakligini uqtirishmoqda. Eshitish apparatidagi muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, oxir oqibatda odam umuman eshitmay qolishi mumkin.

ULASHISH