AQShning sog’lom ovqatlanish bo’yicha mutaxassislar guruhi «Telegraf» nashriga intervyu berish vaqtida bir uyum oziq-ovqat mahsulotlari ichidan eng foydalisini 3 soniyada aniqlash sirini oshkor qildilar. Olimlar bunda oziq-ovqatning rangiga e`tibor qaratishni tavsiya qilmoqdalar.

«Xarid vaqtida foydali mahsulotlarni maksimal tez aniqlashga imkon beruvchi qoidalar juda sodda. Mahsulotning foydaliligini aniqlashga uning rangi yordam beradi. Bu qoidaga ko’ra, yashil rangdagi barcha mahsulotlar oldingi qatorga chiqadi. Brokkoli, kivi, avokado, bodring, ko’kat, shpinat – bu ro’yxatni cheksiz davom ettirish mumkin», deb aytdi fanlar doktori Kris Mor.

Morning aytishicha, yashil rangdagi oziq-ovqat mahsulotlarini iste`mol qilish organizmni turli kasalliklarning rivojlanishidan himoya qiladi. Yashil rangdagi  sabzavotlar tarkibida mavjud bo’lgan xlorofill moddasi saratonning oldini olishda ishtirok etadi. Bundan tashqari, meva va sabzavotlarning yashil rangi tinchlantiradi va yurak-tomir tizimi faoliyatini normallashtiradi, aritmiyani davolaydi va arterial bosimni barqarorlashtiradi.

Yashil rangdagi tanovul qilinadigan o’simliklar ozishni istayotganlarga ayniqsa katta foyda keltiradi. «Bunday meva-sabzavotlarda ko’p miqdorda biriktiruvchi to’qima (sellyuloza) mavjud va uning kaloriyaligi past. Likopchaning katta qismi yashil salat, ko’katlar bilan to’la bo’lganda ochlik sizni ancha vaqt bezovta qilmaydi, agar bu turfa mahsulotlarga ozgincha baliq va go’sht qo’shilsa, uning foydasi yanada ko’proq bo’ladi», deb maslahat bermoqdalar parhezshunoslar.

manba: Kun.uz

ULASHISH