Suzish, velosport, aerobika va tennis avstraliyalik olimlar fikriga ko‘ra salomatlik uchun eng foydali sport turlari bo‘lib chiqdi,- deb yozadi ria.ru.

«Bizning kuzatishlarimiz sport bilan qancha tez va qancha ko‘p shug‘ullanishimiz emas, balki qaysi sport bilan shug‘ullanishimiz ham muhim ekanligini ko‘rsatdi. Turli sport bilan shug‘ullanish, organizmga ham turli ta’sir ko‘rsatadiganga o‘xshaydi. Bu kuzatishlar va xulosalar sport muassasalariga insonlar salomatligini oshirishda maksimal natijaga erishish uchun qanday yangi mashqlar shakllantirish kerakligini aniqlashda yordam berishi kerak”, — deydi Sidney universiteti ilmiy xodimi Emmanuel Stamatakis. U va uning hamkasblari Buyuk Britaniya va Avstraliya ijtimoiy xizmatlari 1994 yildan 2006 yilgacha 80 mingga yaqin keksa yoshdagi sport bilan shug‘ullanuvchi britaniyaliklar haqidagi bergan ma’lumotlarni o‘rganib chiqib shunday xulosaga keldilar.

Bu kuzatishlardan maqsad intensiv jismoniy mashqlarning hayot davomiyligiga, shuningdek turli kasalliklar, jumladan infarkt, insult kabi yurak-qon tomir kasalliklariga ta’sirini o‘rganish edi. Tadqiqotchilar umumiy jismoniy faollik emas, balki sportning alohida turlari salomatlikka qanday ta’sir ko‘rsatishini bilmoqchi edilar. Ma’lum bo‘lishicha ularning bari ham birday foydali emas ekan.

Masalan, futbol, og‘ir atletika va yana bir qator sport turlari hayot davomiyligiga va sog‘liqdagi muammo tufayli vafot etishga hech qanday aloqasi yo‘q ekan.

Badminton, tennis kabi sport turlari keksa britaniyaliklar uchun eng foydali sport turlari bo‘lib chiqdi. Ular har qanday sabab bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan bevaqt o‘lim ehtimolini 47 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari tufayli kelib chiqadigan o‘limni 56 foizga kamaytirgan.

Suzish va aerobika bilan shug‘ullanish bevaqt o‘lim ehtimolini umumiy hisobda 27-28 foizga, -qon tomir kasalliklari tufayli kelib chiqadigan o‘lim ehtimolini 36-41 foizga pasaytirgan. Velosport bevaqt o‘lim ehtimolini 15 foizga kamaytirgan, lekin yurak-qon tomir kasalliklariga hech qanday ta’sir o‘tkazmagan.

Olimlar har xil sport turlarining odam salomatligiga turli ta’sir ko‘rsatishi, ularning alohida tana qismlarini chiniqtirishi va alohida organlarga ta’sir qilishi bilan bog‘liq deb hisoblashmoqda. Bu esa organizm salomatligini yaxlit holda mustahkamlashga yordam beradigan birlashma sport turlarini ishlab chiqish kerakligini bildiradi.

ULASHISH