Oq uyda AQSh prezidenti Barak Obama va uning vorisi Donald Tramp o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.  

«Biz turli masalalarni muhokama qildik, ulardan ba`zilari ajoyib, biroq ba`zilari murakkab bo’ldi. Men prezident bilan keyinchalik jumladan maslahatlashish uchun ham birga ishlaymiz, deb umid qilaman», deb aytdi Tramp. U o’zining prezidentligi davomida Obamadan maslahat so’rab turishini ta`kidlab o’tdi.

Obama o’z navbatida bu uchrashuvni «ajoyib» deb baholadi. Uning aytishicha, u Tramp bilan ichki va tashqi siyosat masalalarini muhokama qilgan. Obama shuningdek Tramp ma`muriyati muvaffaqiyat qozonsa, unda bundan butun mamlakatga yaxshi bo’lishini aytdi.

«Men uchun bu ikki oydagi ustuvor vazifa hokimiyatni tinch topshirish bo’ladi. Men buni uddalaymiz deb ishonaman. Biz uchun birga bo’lishimiz, birga ishlashimiz va qiyinchiliklarga javob berishimiz muhimdir», deb aytgan Obama.

Tramp va Obamaning uchrashuvi 1,5 soat davom etgan. Vaholanki uchrashuv dastlab 10-15 daqiqa bo’lishi rejalashtirilgandi.

Ta`kidlanishicha, ikki siyosatchi uchrashuvdan keyin bir-birlarining qo’llarini siqib qo’yishgan. Biroq amaldagi prezident va uning vorisi uchrashuvlari vaqtida Oq uyning janubiy o’tlog’ida suratga tushish an`anasi bu gal buzildi: Obama suratga tushish marosimini bekor qilgan.

manba: Kun.uz

ULASHISH