Toshkent shahar hokimiyati tomonidan oilaviy ajrimlar masalasiga bag‘ishlangan katta yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova, Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev, shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qurbonov, shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Habibullo To‘raxo‘jayev, shahar prokurori Botir Qudratxo‘jayev, Toshkent shahridagi tumanlar hokimlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va ularning maslahatchilari ishtirok etdi, deb xabar beradi “Qalampir.uz”.

“Qalampir.uz”ga ko‘ra, yig‘ilish so‘nggida shahar hokimi yangi qaror ustida ish boshlab yuborilgani, unga ko‘ra, Toshkent shahrida ajrashgan har bir oila haqida ma’lumotlar — oila vakillarining ism-familiyasi bundan buyon “Toshkent” telekanali va “Toshkent oqshomi” gazetasida berib borilishi mumkinligi haqida ma’lum qildi.

Shahar hokimi, bu tashabbus tavsiya etilar ekan, ajrashayotgan oilalar haqidagi ma’lumotlarning televideniye orqali tarqatilishi ajrimlarning kamayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etdi, deb xabar beradi sayt.

“Ajrashayotgan er-xotinlarning ism-familiyalarini hozircha har 15 kunda soat 23:00 da efirga uzatiladigan dasturda, o‘zgarish bo‘lmasa, soat 21:00 da e’lon qilamiz. Agar yaqqol natija sezilmasa, ajrashayotgan oila a’zolarining suratini efirga uzatamiz. Bu bilan biz hech kimning haq-huquqlarini toptamaymiz, aksincha, ochiq ma’lumotlarni ommaga taqdim etamiz”, — uning so‘zlarini keltiradi “Qalampir.uz”.

Shuningdek, oilaviy ajrimlarga sababchi bo‘layotganlar, xususan, qaynota-qaynonalar, kelinlarni ommaviy muhokamaga olib chiqib, ular ishtirokida teleko‘rsatuvlar tayyorlanishi tavsiya etilgani xabar qilinmoqda.

ULASHISH