Kiksboks bo‘yicha bir necha karra jahon chempioni, Qozonda bo‘lib o‘tgan Universiada-2013 elchisi Musa Musalayev Germaniyaning Noy-Ulme shaharchasida otib ketildi. Bu haqda nemis matbuotiga tayanib tass.ru xabar berdi.

Qotillik 18-noyabr, juma kuni yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qotil Musalayevga uy yo‘lagida bir necha bor o‘q uzgach, avtomobilga o‘tirib, voqea joyini tark etgan.

«18-noyabrda Noy-Ulme shahrida 37-yoshli fuqaro otib ketilgan. Biz uning shaxsini oshkor etmaymiz, lekin OAV uni Rossiyalik sportchi nomi bilan bog‘lamoqda” — deydi shahar politsiyasi vakili Yurgen Krautvald.

«Qotillikdan so‘ng biz 25 kishidan iborat surishtiruv guruhini tuzdik. Biz hozirda bir necha dalillarni qo‘lga kiritdik va ular ustida ish olib bormoqdamiz” — deb qo‘shimcha qildi Krautvald.

Myunxendagi Rossiya bosh konsullik markazida bu ish bo‘yicha hech qanday yangilik yo‘qligi xabar qilindi.

37-yoshli «Tatariston shahzodasi” Musa Musalayev kikboks bo‘yicha bir necha vazn toifalarida jahon chempioni nomiga sazovor bo‘lgan edi. U kikboks bo‘yicha 17 ta, aralash jang san’atida 15 ta jang o‘tkazib, biror marta mag‘lubiyatga uchramagan. U 2012-yilda sportdagi karyerasini tugatdi. 2013-yildan beri ayoli va uch nafar farzandi bilan Germaniyada istiqomat qilayotgan edi.

ULASHISH