Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasidagi o‘rnini saqlab qolganidan keyin Namanganning “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov jurnalistlar savollariga javob qaytardi, deb yozdi “Championat.asia”.

“Klub Oliy Ligada qolgani bilan butun Namangan shahrini tabriklayman. ‘Navbahor’ har doim Oliy Ligada bo‘lgan”, — deb gap boshladi Ilhom Mo‘minjonov.

“‘Navbahor’ga kelishimga Odil Ahmedovning qo‘ng‘irog‘i sabab bo‘lgan. Ahmedov bilan ko‘rishib, gaplashib olgach, klubni qabul qilib olganman. Shundan keyin Namangan viloyati hokimiga ‘Navbahor’ni Oliy Ligada olib qolishga va’da berganman. Futbolchilar bilan bu ishni uddalashga ko‘zimiz yetgandi”, — dedi murabbiy.

“Jamoa 20-dekabrga qadar ta’tilga chiqadi. Keyinchalik o‘zgarishlar bo‘ladi. Asosan mahalliy futbolchilarga e’tibor qaratmoqchiman. Namanganlik ko‘plab yigitlar boshqa jamoalar safida harakat qiladi. Biz o‘sha futbolchilarni jamoaga jalb etishga urinib ko‘ramiz”, — deb aytib o‘tgan Ilhom Mo‘minjonov “Navbahor” bilan shartnomasi shu yilning oxirida yakuniga yetishini qo‘shimcha qilgan. Shundan kelib chiqib yuqoridagi o‘zgarishlar kelasi mavsum uchun aytilganmi yoki yil oxirigacha bo‘ladimi — oydinlik kiritilmagan. Murabbiy so‘ziga ko‘ra, yangi shartnoma masalasi hali ko‘rib chiqilmagan.

“Qaytarib aytaman, Odil Ahmedov tufayli men ‘Navbahor’ga keldim. Ahmedov va viloyat hokimi oldimizga qo‘ygan vazifani uddaladik”, — dedi Mo‘minjonov.

Ma’lumot uchun, “Navbahor”ni Oliy Ligada olib qolish talabini qo‘ygan Odil Ahmedov Namangan klubida emas, Toshkentning “Paxtakor” klubida yulduzlik darajasiga ko‘tarilgan. Namanganda tavallud topgan futbolchi ayni vaqtda Rossiyaning “Krasnodar” klubida to‘p suradi.

ULASHISH