Xonanda Jahongir Otajonovning konsertida bir qancha mashhur mehmonlarni ko‘rish mumkin edi. Ular orasida alohida ajralib turgan sohirnafas xonanda, O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayevaning fikrlari bilan qiziqib, jurnalist Feruz Muhammad undan qisqa intervyu oldi.

— Xonanda Jahongir Otajonovning so‘nggi konsert dasturida mehmon bo‘ldingiz. Konsert sizda qanday taassurot qoldirdi?
— Hozir zalga kirsangiz, zalda katta, aqlbovar qilmas energiya bor. Bu energiya uncha-muncha san’atkorga berilmaydi. Butun zal, muxlislar ummonga kirib qolgandek aylanib, suzib, qo‘shiqlarni aytib, Jahongir qilgan harakatlargacha birga qilmoqda. Zal bilan sahnani birlashib ketishini mana shu konsertda ko‘rsa bo‘ladi. Bunday holat juda ham kamdan-kam konsertlarda va kamdan-kam xonandalarda kuzatiladi. Jahongirga faqat va faqat omad, mana shu ekspressiyasini, mana shu energiyasini har doim saqlab qolishini tilayman.

— Konsertda Jahongir Otajonov o‘zining “Kuz gullari” nomli qo‘shig‘i sizning taronangizga o‘xshab qolganini aytib, buning uchun sizdan uzr so‘radi. Rostdan ham qo‘shiqlar o‘xshashmi, bu borada hamkasbingizga biror e’tirozingiz bormi?
— Bilmadim, Jahongirning o‘zi o‘xshatgan bo‘lishi mumkin, ammo men o‘xshashlik sezmadim. Nisbatan xotirjam tabiatimni hisobga olganda, qo‘shiqlarimizni bir-biriga o‘xshatib bo‘lmaydi. Avvalo qo‘shiqlar bir-biriga o‘xshab qolmagan, o‘xshab qolganida ham hech qanday e’tirozim bo‘lmasdi. Sababi, bir-biriga o‘xshamagan, keraksiz qo‘shiqlar ko‘payib ketganidan ko‘ra yaxshi qo‘shiqlarning o‘xshash bo‘lgani ma’qul, deb o‘ylayman.

manba: Daryo.uz

ULASHISH