Namangan viloyati o‘lkashunoslik muzeyida yosh hunarmand-kulol Marjona Abdullajonovaning ilk shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi. U “Islom bobomni xotirlab” deb nomlangan, deb xabar beradi O‘zA.

Viloyat hokimligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi hamda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Birinchi Prezident Islom Karimov rahnamoligida milliy qadriyatlarni tiklash, rivojlantirish, ajdodlar qoldirgan boy ilmiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan alohida e’tibor ta’kidlandi.

Marjona Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Qizilyozi qishlog‘idagi 36-umumta’lim maktabining 9-sinfida tahsil oladi. Kulollik sirlarini qishlog‘ida haykaltarosh usta Farmon Isomovdan o‘rgangan. 2010-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi, naqqosh va musavvir Asqarali Akbarov, chinni idishlar ustasi Ne’matjon Soliyev, miniatyura va kulolchilik ustasi Rustamjon Abdurahmonov kabi hunarmandlardan soha sirlarini o‘rganmoqda.

Ko‘rgazmada Marjonaning yuzdan ziyod ijodiy namunalari namoyish etildi. Uning “Mustahkam oila”, “Qamchiq tunneli”, “Keksalar gurungi” deb nomlangan badiiy kompozitsiyali sopol asarlari, milliy haykalchalar, ko‘zacha-yu idishlari muxlisu mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.

“Mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlab ishlagan buyumlarimni O‘zbekistonimizning barcha yoshlarini mening farzandlarim, deb alqagan va butun umrini yosh avlod kamoloti uchun sharoit yaratishga bag‘ishlagan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovga sovg‘a qilishni niyat qilgan edim, — dedi Marjona. — Afsuski, bu orzuim armonga aylandi. Biroq Islom bobomiz bizning qalbimizda mangu yashaydi. Ularning porloq xotiralari hurmati Birinchi Prezidentimiz orzu qilganidek O‘zbekistonning buyuk kelajagi yo‘lida sidqidildan o‘qiymiz va mehnat qilamiz”.

ULASHISH