Namangan viloyati tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga “Salomatlik-3” loyihasi doirasida zamonaviy reanimobil avtomobillari topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Viloyatdagi barcha tuman tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, Namangan shahridagi 13 oilaviy poliklinika, shuningdek, yangi bunyod etilgan va kapital rekonstruksiya qilingan binolarda faoliyat yuritayotgan 200 dan ziyod qishloq vrachlik punktlari “Salomatlik-3” loyihasi doirasida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda.

“O‘tgan yillarda tuman tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarini jihozlash va kadrlarni qayta tayyorlash uchun 11 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi, — dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining ‘Salomatlik-3’ loyihasi rahbari Dilmurod Qodirov. — Mazkur muassasalar zamonaviy UTT, gastrofibroskop, kardiomonitor, jarrohlik va umumiy amaliyot jamlanmalari, EKG va laboratoriya jihozlari hamda boshqa vositalar bilan ta’minlandi. Yangiqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlarida eng takomillashgan raqamli rentgen apparatlari ishga tushirildi. Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda esa 56 zamonaviy stomatologiya jihozlari o‘rnatildi”.

“Salomatlik-3” loyihasiga muvofiq Nissan rusumli yangi reanimobillar Yangiqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Pop, Chust, Kosonsoy, Norin, Chortoq va To‘raqo‘rg‘on tumanlari tibbiyot birlashmalariga topshirildi. Ular tumanlarning uzoq tog‘li qishloqlarida ham aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

ULASHISH