Bugun Yevropada nufuzi jihatdan ikkinchi o’rinda turadigan Yevropa ligasining 5-tur uchrashuvlari bo’lib o’tadi. Tribuna.Uz barcha 24ta uchrashuv anonsi bilan tanishtirib o’tadi.

A guruhi
Fenerbahche — Zarya (Toshkent vaqti bilan 21:00, Match! Futbol 1)
Manchester Yunayted — Feyyenoord (01:05, Match TV)

Guruhning uchinchi jamoasi «MYu» o’zi uchun juda muhim o’yinda «Feyyenord»ni mag’lubiyatga uchratsa, keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qiladi. 7 ochko bilan guruhda peshqadamlik «Fenerbahche» klubi bugun g’alaba qozongan taqdirda pley-off yo’llanmasini naqd qiladi.

V guruhi
Astana — APOEL (21:00, Match! Futbol 2)
Olimpiakos — Yang Boyz (01:05)

4 ochko bilan 3-o’rinda borayotgan «Yang Boyz» pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolishi uchun juda qiyin yo’lni bosib o’tishi kerak. 7tadan ochko jamg’argan «APOEL» va «Olimpiakos»da esa bu borada imkoniyat ko’proq. Qozog’istonning «Astana» klubi esa faqat mo’`jiza evazigagina bahorgi mavsumda ishtirok eta olishi mumkin

S guruhi
G’abala — Anderlext (21:00, Match! Futbol 3)
Sent-Eten — Maynts (01:05, Match! Futbol 3)

Autsayder uyida mehmon bo’ladigan «Anderlext» g’alaba qozongan taqdirda ochkolari sonini 11taga yetkazib oladi va o’z oldiga qo’ygan maqsadiga muddatidan oldin yetishadi. «Sent-Eten» va «Maynts» jamoalari uchrashuvida esa nemislar keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qolishi uchun faqat va faqat g’alaba qozonishlari kerak bo’ladi.

D guruhi
Zenit — Makkabi Tel-Aviv (21:00, Match TV)
Dandolk — AZ Alkmaar (01:05)

«Zenit» 4ta yuz foizlik natija bilan guruhda 1-o’rinni ham naqd qilib bo’lgan. ikkinchi yo’llanma uchun esa uchchala jamoa ham kurashni davom ettirmoqda. «Dandolk» bugun o’z uyida g’alaba qozongan taqdirda keyingi bosqich uchun juda katta qadam tashlagan bo’ladi. Bu guruhda ikkinchi yo’llanma taqdiri so’nggi turda hal bo’lishi kutilmoqda.

Ye guruhi
Roma — Viktoriya Plzen (01:05, Match! Futbol 2)
Austriya — Astra (01:05)

Guruhda 8 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan «Roma» 3 ochko bilan so’nggi o’rinni egallab turgan chex klubiga qarshi o’ynaydi. Uchrashuvda rimliklarni durang ham qanoatlantiradi. Sababi 2-3 o’rinlarda borayotgan «Austriya» va «Astra» jamoalari o’zaro o’yinda o’ynab, ko’pi bilan bittasi so’nggi turda «Roma»ni quvib o’ta olish imkoniyatiga ega bo’lishi mumkin.

F guruhi
Genk — Rapid Vena (01:05)
Atletik — Sassuolo (01:05)

Eng keskin kurash kechayotgan guruhda 6tadan ochko to’plagan ikki yetakchi o’z uyida o’ynaydi. 5tadan ochkoga ega bo’lgan «Rapid» va «Sassuolo» kurashni davom ettirishi uchun bugun kamida mag’lubiyatga uchramasliklari kerak bo’ladi

G guruhi
Selta — Standard (23:00 Match! Arena)
Ayaks — Panatinaikos (23:00)

Muddatidan oldin keyingi bosqich masalasini hal qilgan «Ayaks» bir yo’la birinchi o’rinni kafolatlashi uchun yunon klubini mag’lubiyatga uchratsa kifoya. Niderlandlardan besh ochko ortda qolayotgan ikki jamoa «Selta» va «Standard» Ispaniyada ikkinchi yo’llanma uchun o’zaro bahsda masalaga oydinlik kiritib oladi.

H guruhi
Shaxtyor — Ko’nyaspor (23:00)
Gent — Braga (23:00)

Xuddi «Zenit» kabi 100 foizlik natija ko’rsatgan «Shaxtyor» guruhni birinchi o’rin bilan yakunlash masalasini ham hal qilib qo’ygan. Autsayder «Ko’nyaspor»ga qarshi o’yin ukrainlar uchun hech narsani hal qilmaydi. Faqat turk jamoasi juda kam bo’lsada saqlanib qolgan imkoniyat uchun kurashishi mumkin. Buning uchun esa ikkinchi yo’llanmaga da`vogarlik qilayotgan «Gent» va «Braga» jamoalari o’zaro durang o’ynashi lozim. Ammo belgiyada bo’lib o’tadigan uchrashuvda «Gent» keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qolishi uchun g’alaba qozonishi kerak. «Braga» g’alaba qozongan taqdirda jamoa 8 ochko to’plab pley-off yo’llanmasini naqd qilib qo’yadi.

I guruhi
Krasnodar — Red Bull (23:00, Match TV)
Shalke-04 — Nitstsa (23:00, Match! Futbol 3)

Odil Ahmedov ishtirok etayotgan «Krasnodar» keyingi bosqich masalasini deyarli hal qilib qo’yishi uchun «Red Bull»ga qarshi uchrashuvda g’alaba qozonishi juda muhim. Klub ramzlarida buqalar to’qnashuvi aks etgan ikki «bo’qalar jangi»da mezbonlar g’alaba qozonga taqdirda ochkolari sonini 9taga yetkazib oladi. Agar «Nitstsa» barcha masalani hal qilib bo’lgan «Shalke» uyida g’alaba bilan qaytgan taqdirda ham jamoa hisobidagi ochkolar soni 6taga yetadi. So’nggi turda «Krasnodar»ni qabul qiladigan Balotelli jamoasi keyingi bosqichga chiqishi uchun eng kamida 3:0 hisobidagi yirik natija bilan g’alaba qozonishi kerak bo’ladi. Ammo 4ta uchrashuvda 100 foizlik natija qayd etgan nemis klubining o’z uyida shunchaki «Nitstsa»ga yutqazib qo’yishiga ham ishonish qiyin.

J guruhi
Fiorentina — PAOK (23:00 Match! Futbol 2)
Slovan Liberets — Qorabog’ (23:00)

«Fiorentina» keyingi bosqich masalasini butkul hal qilishi uchun PAOKka qarshi uchrashuvda durang natija qayd etsa ham kifoya qiladi. Biroq guruh g’olibligi uchun kurashda g’alaba juda zarur. Sababi Ozarboyjonning «Qorabog’» jamoasi so’nggi ikki uchrashuvda PAOKdan ustun kelib o’z imkoniyatlarini juda yaxshilab oldi (7ochko) va italiyaliklarni izma-iz ta`qib qilib kelmoqda. «Fiorentina» PAOKni mag’lub etgan taqdirda ozarlarni «Slovan» bilan o’yinda bir ochko ham keyingi bosqichga chiqishi uchun yetarli bo’ladi.

K guruhi
Xapoel Beyer-Sheva — Inter (23:00)
Sparta Praga — Sauthempton (23:00)

«Inter» pley-off yo’llanmasi uchun imkoniyatlarini saqlab qolishni istasa, Isroildan g’alaba bilan qaytishi shart. Ammo shunda ham so’nggi turda barchasi ularning o’z qo’lida qolmaydi. 9 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilayotgan «Sparta» o’z uyida 7 ochkoga ega «Sauthempton»ni mag’lub etsa, yoki durang o’ynagan taqdirda italiyaliklar chex klubiga yeta olishmaydi. So’nggi turda esa Klod Pyuel shogirdlari Isroil klubini o’z uyida mag’lub etib «Inter»ning barcha istaklarini puchga chiqarishi mumkin. Umuman to’rtta uchrashuvda bor-yo’g’i 3 ochko to’plagan «Inter»dan «Xapoel» uyida g’alaba kutish ham unchalik to’g’ri emasga o’xshab turibdi.

L guruhi
Tsyurix — Vilyarreal (23:00 Match! Futbol 1)
Styaua — Usmonlispor (23:00)

Yevropa ligasi kashfiyoti «Usmonlispor» bu turda «Styaua» mehmoni bo’ladi. g’alaba turklarga pley-off eshiklarini ochadi. Ruminiyaliklar esa uch ochkoni qo’lga kiritgan taqdirda jami 6 ochko to’plab kurashni so’nggi turgacha davom ettirish imkoniyatiga ega bo’ladi. 5 ochkodan to’plab guruhda 2-3 o’rinlarni bo’lishib turgan «Tsyurix» va «Vilyarreal» jamoalari to’qnashuvi ham ko’p masalaga oydinlik kiritib berishi kutilmoqda.

ULASHISH