Myanma sharqidagi nefrit olinuvchi karerga osmondan noma`lum metall jism tushdi, deb xabar bermoqda mamlakat OAV.

Uzunligi 4,5 metr va eni 1,2 metr bo’lgan silindr ko’rinishidagi jism 10 noyabrda Kachin shtatida aniqlangan.

Deyarli shu voqea yuz bergan vaqtda xitoy tilidagi yozuv bo’lgan yana bir metall bo’lagi yaqin atrofdagi uylardan birining tomini teshib o’tgan. Baxtli tasodif hech kim jabrlanmagan.

Taxmin qilinishicha, noma`lum bo’laklar Xitoyning «Pulsar» tajribaviy sun`iy yo’ldoshining fazoga olib chiqilishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Sun`iy yo’ldosh 10 noyabrga o’tar kechasi «Chanchjen-11» raketa-tashuvchisi yordamida fazoga olib chiqilgan.

Amaldorlarning aytishicha, jism yerga urilgach, 50 metrlar chamasi sakrab ketib, karerga tushgan.

Mahalliy aholining aytishicha, ular portlashga o’xshash ovoz eshitishgan.

«Biz bu portlashdan ko’rqib ketdik», deb aytgan voqea guvohi Ko Maung Mio.

«Avval biz janglar boshlandi deb o’yladik. Portlashdan bizning uylar zirillab ketdi», deb eslamoqda voqeaning guvohi. Uning aytishicha, jism yaqinida qo’lansa hid sezilgan.

«Taxmin qilinishicha, topilgan metall jismlar sun`iy yo’ldosh yoki samolyot yoxud raketaning dvigateli detallari bo’lishi mumkin», deb xabar bermoqda Global New Light nashri.

Shtat rahbariyatining ta`kidlashicha, jism nima ekanligini hozircha o’rnatishga muvaffaq bo’linmagan.

manba: Kun.uz

ULASHISH