O’zbekiston Respublikasida muddatli harbiy xizmatni o’tab, oliy o’quv yurtlariga to’lov-shartnoma shakli asosida o’qishga kirgan talabalarga “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati moddiy yordam ko’rsatib kelar edi. Endilikda, mazkur yordamni ko’rsatish qoidalariga o’zgartish va tuzatishlar kiritildi, deb xabar qilmoqda “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati matbuot xizmati.

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oliy va o’rta-maxsus ta`lim vazirligining 2016 yil 26 sentabrdagi 73, 4-2016-son qo’shma qaroriga muvofiq, O’zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o’tagan va oliy ta`lim muassasalariga to’lov-kontrakt shakli asosida o’qishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam ko’rsatish Qoidalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi.

Mazkur Qoidalar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 31 oktabrdagi PQ–213-son “O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o’tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga muvofiq, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o’tagan, harbiy qismlar qo’mondonligining tavsiyanomasiga ega bo’lgan, O’zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga to’lov-kontrakt shakli asosida o’qishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam ko’rsatish shartlari va tartibini belgilaydi.

Unga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o’tagan, harbiy qismlar qo’mondonligining tavsiyanomasiga ega bo’lgan, O’zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga to’lov-kontrakt shakli asosida o’qishga qabul qilingan talabalar joriy o’qish yilida Harakatning oliy ta`lim muassasalaridagi boshlang’ich tashkiloti faoliyatida faol qatnashgan taqdirda Harakat tomonidan moddiy yordam olish huquqiga ega bo’lishar edilar.

Talabalarga moddiy yordam ko’rsatish to’g’risidagi masalani ko’rib chiqishning yangi tartibiga ko’ra, har yili 1 fevraldan kechikmasdan oliy ta`lim muassasasi Harakatning oliy ta`lim muassasasidagi boshlang’ich tashkiloti Kengashiga O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o’tagan, harbiy qismlar qo’mondonligining tavsiyanomasiga ega bo’lgan va oliy ta`lim muassasasiga to’lov-kontrakt shakli asosida o’qishga qabul qilingan talabalarning (bundan buyon matnda talabalar deb yuritiladi) ro’yxatini, shuningdek, ularning o’zlashtirishi va intizomi to’g’risidagi ma`lumotlarni taqdim qiladi.

Talabalar esa 20 fevraldan kechikmay, Harakatning boshlang’ich tashkiloti Kengashiga Harakat tomonidan moddiy yordam ko’rsatilishi to’g’risida ariza bilan murojaat qiladilar. 1 martdan 5 martga qadar bo’lgan muddatda Harakatning boshlang’ich tashkiloti Kengashi talabalarning arizalarini ko’rib chiqadi hamda mazkur Qoidalarda belgilangan ko’rsatkichlar asosida Harakat tomonidan moddiy yordam ko’rsatish uchun tavsiya etish bo’yicha qaror qabul qiladi.

Ta`kidlanishicha, talabaning o’rganilayotgan davrdagi o’rtacha o’zlashtirish ko’rsatkichi 71 va undan yuqori foiz bo’lishi lozim. Harakatning boshlang’ich tashkiloti Kengashining moddiy yordam ko’rsatish uchun talabalarni tavsiya etish to’g’risidagi qarori joriy o’quv yili mobaynida haqiqiy hisoblanadi.

Harakatning Markaziy Kengashi talabalarga moddiy yordam ko’rsatish to’g’risidagi qarori qabul qilingandan keyin o’n bank kuni mobaynida oliy ta`lim muassasasining byudjyetdan tashqari mablag’lar bo’yicha shaxsiy g’azna hisob varaqlariga moddiy yordam ko’rsatish pulini o’tkazadi.

Talaba moddiy yordam olish huquqidan voz kechsa, oliy ta`lim muassasasi talaba uchun to’langan mablag’ni Harakatning Markaziy Kengashiga o’n kun ichida qaytaradi.
Mazkur Qoidalar talablarining bajarilishi, shuningdek, Harakat tomonidan moddiy yordam ko’rsatilgan talabalarning o’quv jarayonidagi ishtiroki, ularning o’zlashtirishi, intizomi va Harakat faoliyatidagi ishtiroki ustidan nazorat qilish tegishli ravishda oliy ta`lim muassasasi hamda Harakatning boshlang’ich tashkiloti Kengashi zimmasiga yuklatilgan.

ULASHISH