Mamlakatimizda 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik ko`rildi. Saylov uchastkalarida saylovchilarga ovoz berish uchun barcha qulay shart-sharoit yaratilgan, deb yozadi O`zA.

Milliy saylov qonunchiligimizda mamlakatimiz fuqarolarining saylov bilan bog`liq huquqlari kafolatlangan. O`zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egaligi, ovoz berish huquqi, o`z xohish-irodasini bildirish tengligi qonun bilan kafolatlanishi Bosh qomusimizda mustahkamlangan. Saylovlar umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan o`tkaziladi. O`zbekiston Respublikasining o`n sakkiz yoshga to`lgan fuqarolari saylash huquqiga ega.

Bu tamoyillar «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi qonunda ham o`z ifodasini topgan. Qonunda saylov kuni o`z yashash joyida bo`lmaydigan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egaligi ko`rsatilgan.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o`n kun qolganda boshlanadi va saylovga bir kun qolganida to`xtatiladi. Muddatidan oldin ovoz berishni o`tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining e`tiboriga etkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo`la olmasligi sabablari (ta`til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko`rsatilgan ariza asosida o`z yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a`zosi hozirligida saylovchilar ro`yxatiga imzo chekadi.

Saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to`ldiriladi.

Saylovchi qaror qabul qiladi va to`ldirilgan saylov varaqasini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Konvertning elimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi ikki nafar a`zosining imzolari qo`yilib, ular komissiyaning muhri va saylovchining imzosi bilan tasdiqlanadi.

Qonunning ushbu talablari asosida mamlakatimizning barcha saylov okruglarida muddatidan oldin ovoz berish tartibi belgilandi. Masalan, 14-Toshkent shahar saylov okrugining 2016 yil 18 noyabrdagi «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi qonunning 31-moddasiga ko`ra muddatidan oldin ovoz berish vaqtini belgilash to`g`risida»gi qarori qabul qilingan. Unga ko`ra, 2016 yil 24 noyabrdan 2 dekabrgacha Toshkent shahrida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishi belgilangan. Ovoz berish belgilangan kunlarda soat 9.00 dan 18.00 ga qadar o`tkaziladi.

Shunga ko`ra, 24 noyabr kuni poytaxtimizning Uchtepa tumanida joylashgan 34-saylov uchastkasida ayrim fuqarolar muddatidan oldin ovoz berdi.

ULASHISH