Qo`llanmani pardoz stolingiz yoniga ilib qo`ying!

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, har kuni pardoz vositalaridan foydalanadigan ayol organizmiga bir yilda 2 kg. kimyoviy modda tushar ekan. «Naqadar dahshat!» deya vahimaga tushishga shoshilmang. Kosmetik vosita ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining inson organizmi uchun zarar etkazmasligiga javobgardirlar. Lekin pardoz vositalarining muddati o`tgan bo`lsa-chi? Unda ularning tarkibi uchun ham, sog`ligingiz uchun ham o`zingizda boshqa hech kim mas`ul bo`la olmaydi. Demak, muddati o`tgan pardoz vositalaridan kutiladigan talofotlar bilan tanishtiramiz.

Tush

Saqlash muddati: 3 oydan 6 oygacha. Pardoz vositalari orasida «umr»i eng qisqasi shu.

Muddat o`tgach: qurib qolgani uchun qo`llashga yaramaydi. Ammo ayollar ko`pincha qurigan tush flakoniga turli suyuqliklar quyib, uni suyultirmoqchi bo`lashadi. Natijada tushning kimyoviy tarkibi o`zgarib ketadi. Bu esa ko`zning shohpardasi yallig`lanishiga olib keladi.

Ko`z uchun suyuq qalam

Saqlash muddati: 3 oydan 6 oygacha. Bu ham xuddi tush kabi tez qurib qoladi.

Muddat o`tgach: unda bakteriyalar ko`paya boshlaydi, ko`zga surtilgach, zararli mikroorganizmlar ko`z shilliq pardasiga tushadi va uning yallig`lanishiga olib keladi.

Tenlar

Saqlash muddati: 1 yil.

Muddati o`tgach: qovoq terisida allergik reaksiya keltirib chiqaradi, ko`zlar qizarib, shishib ketadi.

Ko`z, qosh va lab uchun qalam

Saqlash muddati: 2 yil.

Muddat o`tgach: qattiqlashib qoladi, yaxshi surtilmaydi. Ko`z uchun qalam ko`zga mexanik zarar etkazadi – ko`z milkini tirnaydi. Tirnalgan joylarga bakteriya tushib, kasallik keltirib chiqaradi.

Labbo`yoq

Saqlash muddati: 1,5 yil.

Muddat o`tgach: noxush hid chiqara boshlaydi, o`zida bakteriyalarni yig`adi. Ular lab terisi va og`iz orqali organizmga, birinchi navbatda, oshqozonga tushadi. Ichki kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Lab uchun balzam

Saqlash muddati: 2 yil.

Muddati o`tgach: foydalilik xususiyatini yo`qotadi, tarkibidagi namlik miqdori kamayadi va lablarni quritadi.

Yog`upa

Saqlash muddati: 1 yildan 1,5 yilgacha. Muddat o`tgach: uvadalanib, sochila boshlaydi. Yuzga surtilganda, dumaloq-dumaloq bo`lib ushoqlanadi. Teri allergiyasini keltirib chiqaradi, qichishish, qizarish, shishlar yuzaga keladi.

Kremlar  

Saqlash muddati: 6 oy.

Muddat o`tgach: tarkibidagi suv yuzaga chiqadi, asos esa tubiga cho`kadi, zamburug`lar, bakteriyalar ko`payadi. Yuzga husnbuzarlar, turli toshmalar toshiradi. Bundan ham yomoni, kasallik keltirib chiqaruvchi mikroblar teri orqali qon tomirlariga tushib, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Upa  

Saqlash muddati: 1 yilgacha.

Muddat o`tgach: kukun shaklidagisi tarkibida chang, mayda burgalar, qattiq pudra va sponchda esa bakteriyalar ko`payadi. Ular ekzema keltirib chiqaradi.

Quyoshdan himoyalovchi krem

Saqlash muddati: 6 oy.

Muddat o`tgach: o`z vazifasini bajarmay qo`yadi, ya`ni teringizni quyoshdan himoya qilmaydi. Natijada, quyoshda kuyish, teri ko`chishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi.

Soch uchun muss, lak, gel-vosk

Saqlash muddati: 6–12 oy.

Muddat o`tgach: tarkibidagi kimyoviy moddalar xususiyatini o`zgartiradi. Natijada sochlarni to`kadi, quritadi, qazg`oq paydo qiladi.

Tirnoq uchun lak

Saqlash muddati: uzog`i 6 oy.

Muddat o`tgach: quriydi, jilosini yo`qotadi. Tirnoqlarga yaxshi surtilmaydi, tez ko`chib ketadi. Shuningdek, tirnoqlarni emiradi, sinuvchan qilib qo`yadi.

Atir

Saqlash muddati: 2 yilgacha.

Muddat o`tgach: ifori susayadi, iforning tanada saqlanish muddati ham kamayadi. Ayrimlarning terisida allergiya beradi.

Yuz terisini tozalovchi vositalar

Saqlash muddati: 1 yil.

Muddati o`tgach: hidining o`zgarishi va rangi xiralashadi. Natijada tozalovchi emas, zararlantiruvchi vositaga aylanadi.

Shampun

Saqlash muddati: 2 yil.

Muddat o`tgach: ifori va foydalilik xususiyatini yo`qotadi. Bosh terisini qichishtiradi, qazg`oqlar keltirib chiqaradi.

Dush uchun gel

Saqlash muddati: 2 yil.

Muddat o`tgach: quriy boshlaydi, tarkibidagi ifor beruvchilar o`z kuchini yo`qotadi, kimyoviy tarkibi o`zgaradi, natijada, terida turli toshmalarni keltirib chiqaradi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH