Moskva metrosida ayol 3-noyabr, payshanba kuni ertalab o‘z joniga qasd qilishga urindi. Bu haqda metropoliten IIB matbuot xizmati rahbari Aleksey Mishlyayev “Interfaks”ga ma’lum qildi.

“‘Paveletskaya’ metro stansiyasida soat 8:50 da noxush hodisa yuz berdi. 46 yoshli moskvalik ayol o‘z joniga qasd qilish maqsadida platformadan yaqinlashib kelayotgan poyezd tagiga o‘zini tashladi”, – dedi Aleksey Mishlyayev.

Xabarda qayd etilishicha, poyezd mashinisti ayolni ko‘rib qoldi va favqulodda to‘xtashni amalga oshirdi. Ayol poyezd tagida qolib ketdi.

“8:52 da elektr tokining qattiq yo‘lga ta’minlovi to‘xtatildi. Platformadan pastga sakragan politsiya xodimi ayolning poyezd tagidan chiqishiga yordam berdi. Zudlik bilan tez tibbiy yordam xizmati chaqirildi”, – deb qo‘shimcha qildi Mishlyayev.

Xabarda qayd etilishicha, jabrlangan ayol platformaga olib chiqilganidan so‘ng huquq-tartibot xodimlari uni politsiya xonasiga olib bordi va u yerda yordamga yetib kelgan tibbiy xizmat xodimlari uni ko‘rikdan o‘tkazdi. Ayolda shikastlanish va paylarning cho‘zilishi aniqlandi.

Ayni vaqtda jabrlangan ayolni dastlabki ruhiy ekspertizadan o‘tkazish va profilaktik markazga joylash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

manba: Daryo.uz

ULASHISH