Britaniyalik dietolog Kassandra Barns doimiy iste’mol qilish xotirani mustahkamlab, diqqatni jamlashga yordam beradigan oltita mahsulotning nomini e’lon qildi. Bu ro‘yxatdan har qanday dasturxondan topiladigan odatiy ovqatlar bilan bir qatorda ba’zi g‘ayrioddiy mahsulotlar ham o‘rin olgan. Dietologning xulosalarini mk.ru keltirib o‘tdi.

Mutaxassislar birinchi navbatda yog‘ida dokozageksayen kislotasi mavjud bo‘lgan losos va boshqa baliqlarni iste’mol qilishni maslahat berishmoqda. Dietologning so‘zlariga ko‘ra Omega-3 sinfiga mansub tengi yo‘q yog‘ kislotasi xotirani mustahkamlab, IQ darajasini oshirar ekan. Kassandra Barns bu kislota odam miyasining kulrang to‘qimalarida ham mavjud ekanligi uning ahamiyatini yanada oshirishini ta’kidlagan. Losos nerv hujayralari uchun muhim bo‘lgan B12 vitaminiga ham boy. Bundan tashqari bu baliqdagi ko‘plab oqsillar neyromediatorlar uchun “qurilish” materiali bo‘lib xizmat qiladi.

Barns ratsionga qovoq urug‘larini qo‘shishga chaqirdi. Uning tarkibida odamning o‘ylash, o‘rganish, mantiqiy fikr yuritish kabi kognitiv xususiyatlarini saqlab qolishga yordam beruvchi sink mavjud. Shuning bilan qovoq urug‘ida bu jarayonlarga yordam beruvchi magniy, bir qator yog‘ va oqsillar bor.

Tuxum o‘zining foydaliligi bilan odam ovqatlanish tizimida mustahkam o‘ringa ega. Uning tarkibida B guruhi vitaminlari va temirdan tashqari, holin deb nomlanuvchi modda bo‘lib, u xotirani yaxshilaydi.

Miya uchun foydali bo‘lgan yana bir mahsulot ko‘pchilik davlatlar oshxonasida uncha ishlatilmaydigan, biroq Yaponiya kabi ba’zi mamlakatlarda juda mashhur bo‘lgan suv o‘tlaridir. Suv o‘tlari tarkibida yod miqdori yuqori bo‘lib, u salomatlikdagi juda ko‘p muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

Desert sifatida dietolog qora shokoladni tanlashni maslahat berdi. Qora shokolad antioksidantlar bilan birga yuqorida eslab o‘tilgan temir, magniy vasinkga boy mahsulotdir. Shokolad qanchalik achchiq bo‘lsa, undan keladigan foyda shunchalik ko‘payadi. Agar odam bir vaqtning o‘zida ham shirin, ham aqliy faoliyatni yaxshilaydigan narsa iste’mol qilishni istasa unda qorag‘atni tanlagani ma’qul. Bu meva tarkibida ayniqsa, keksa yoshdagi insonlar miyasi uchun foydali bo‘lgan polifenollar mavjud.

ULASHISH