18-oktabr kuni Farg‘ona viloyati hududida O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga tegishli Mi-171 vertolyoti halokatga uchradi. Rasmiy axborotga ko‘ra, hodisa oqibatida uch ekipaj a’zosi va O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining olti harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. Aviahalokat sabablarini tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan.

Mi-171 vertolyoti ishtirokida bundan avval ham aviahalokatlar yuz bergan. Ularning ba’zilari bilan quyida tanishish mumkin.

Oltoydagi avihalokat

Rossiyaning Oltoy Respublikasida 2009-yil 9-yanvar kuni bortida 11 kishi bo‘lgan Mi-171 vertolyot halokatga uchradi. “Gazpromavia” aviakompaniyasiga tegishli havo kemasi uchuvchilarning aybi bilan boshqaruvni yo‘qotib, tog‘ qoyasiga borib urilgan. Hodisa oqibatida faqat 4 kishi omon qolgan.

Vorkutadagi vertolyot halokati

Rossiyaning “Gazpromavia” aviakompaniyasiga tegishli boshqa bir Mi-171 bortida 22 yo‘lovchi va ekipajning uch a’zosi bilan birga 2009-yil 19-dekabr kuni Rossiyaning Vorkuta shahri aeroportiga 4,5 kilometr qolganida favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Noqulay ob-havo sharoiti va uchuvchilarning malakasizligi sabab yuz bergan hodisa oqibatida ikki kishi jiddiy jarohat olgan, keyinroq ulardan biri vafot etgan.

Boku yaqinidagi vertolyot halokati

2013-yil 11-fevral kuni Boku shahri qirg‘oqlari yaqinida Ozarbayjon harbiy-havo kuchlariga tegishli Mi-171 vertolyoti quladi. Kuchli tuman oqibatida yuz bergan aviahalokat sabab havo kemasi bortida bo‘lgan uch kishi halok bo‘lgan.

Xanoydagi vertolyot halokati

2014-yil 7-iyul kuni Vyetnam harbiy-havo kuchlariga tegishli Mi-171 vertolyoti Xanoy shahri yaqinida quladi. Vertolyot bortida 21 kishi bo‘lgan, ulardan 16 nafari Vyetnam harbiy-havo kuchlari parashyutchilari edi. Hodisa oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan.

Sichuandagi aviahodisa

2014-yil 22-iyul kuni Xitoyning Sichuan viloyatida harbiylarga tegishli Mi-171 vertolyoti quladi. Texnik nuqsonlar sabab yuz bergan aviahalokat oqibatida besh kishi jabrlangan.

Belgraddagi vertolyot halokati

Serbiyada 2015-yil 14-mart kuni mamlakat janubidan bemor chaqaloqni poytaxtga olib kelayotgan Mi-171 vertolyoti Belgradning Nikola Tesla aeroporti yaqinida quladi. Vertolyot bortida ekipajning to‘rt a’zosi va ikki tibbiyot xodimi ham bo‘lgan. Halokatga noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lgan.

Jazoirdagi vertolyot halokati

2016-yilning mart oyida Jazoirning Reggan tumanida Mi-171 transport vertolyoti halokatga uchradi. Halokat oqibatida bortda bo‘lganlarning ikki nafari omon qolgan, 12 kishi halok bo‘lgan. Aviahalokatga texnik nuqsonlar sabab bo‘lgan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH