Meksika hukumati joriy hafta mamlakat janubidagi Gerrero shtatida aniqlangan yashirin qabrlardagi 32 tana va to’qqizta inson boshini eksgumatsiya qildi, deb xabar bermoqda Frans Press agentli.

“Bu dahshatdan boshqa narsa emas”, — ma`lum qilgan shtati xavfsizlik xizmati vakili Roberto Alvares. Murdalar Pochauisko qishlog’idagi 17 ta qabrdan topildi.

Meksikada bunday ommaviy qabrlar tez-tez uchrab turadi. Aksariyat hollarda jasadlar narkokartellar bilan kurashda halok bo’lganlarga tegishli bo’lib, giyohvand moddalar savdosi bilan shug’ullanuvchilar raqiblarini qo’rqitish maqsadida eng shafqatsiz uslublarni qo’llaydi.

Ma`lumot uchun, Gerrero shtati — Meksikadagi jinoyatchilik avj olgan eng xavfli hududlardan sanaladi. Bu AQShga narkotik moddalarni olib o’tish ustidan nazorat uchun jinoiy guruhlarning o’zaro qarama-qarshiligi bilan bog’liq. Aynan shu shtatda, 2014 yilning sentabrida 43 talaba izsiz g’oyib bo’lgandi. Keyinchalik ma`lum bo’lishicha, ular politsiya tomonidan o’g’irlab ketilib, Iguala shahridagi bosqinchilarga topshirilgan va qatl etilgan.

manba: Kun.uz

ULASHISH