Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston havo hujumidan mudofaa kuchlarining keng miqyosli tekshiruvi boshlandi. “RBK”ning yozishicha, o‘quv mashg‘ulotlaridan ko‘zlangan maqsad — chegara buzuvchilar va samolyot olib qochishga qarshi kurashdir.

Rossiya Mudofaa vazirligi axborotiga ko‘ra, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston havo hujumidan mudofaa kuchlari qatnashayotgan mashg‘ulotlarga 130 dan ortiq qo‘mondonlik punktlari va turli darajadagi boshqaruv punktlari jalb etilgan.

Mashg‘ulotlar 26-oktabr, chorshanba kuni boshlangan. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha havo hujumidan mudofaa navbatchi kuchlari havoda shartli dushmanni (“Tu-160” va “Tu-95MS” strategik bombardimonchilari, “Tu-22M3” bombardimonchi samolyoti) aniqlagan, shundan so‘ng navbatchilikda turgan “MiG-31”, “Su-27” va “MiG-29” samolyotlari havoga ko‘tarilib, “nazorat nishonlarini shartli ravishda yo‘q qilgan”.

O‘quv mashg‘ulotlarida nomlari zikr etilgan mamlakatlarning yuzga yaqin samolyotlari, xususan, “Su-27”, “MiG-31”, “MiG-29” qiruvchilari, “Su-24”, “Su-34” bombardimonchilari, “Su-25” shturmchilari, uzoq masofalarga parvoz qiluvchi “Tu-22”, “Tu-160”, “Tu-95” bombardimonchilari, “Ka-27”, “Mi-8” vertolyotlari qatnashmoqda.

“TASS” axborotiga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlari Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Armaniston havo kengliklarida bo‘lib o‘tmoqda.

manba: Daryo.uz

ULASHISH