“Barselona” hujumchisi Lionel Messi va “Manchester Siti” futbolchilari o‘rtasida YChL 4-turidan so‘ng “Etixad” stadionida yuz bergan mojaroning ba’zi tafsilotlari ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Chempionat”.

Xabarda qayd etilishicha, “Barselona”ning 1:3 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlangan o‘yindan so‘ng g‘azablangan argentinalik hujumchi yonida turgan Mikel Artetaga nisbatan nomaqbul so‘zlar ishlatgan. Arteta futbolchilik faoliyatini “Barselona”da boshlab, keyinchalik Angliyaning “Everton” va “Arsenal” klublarida to‘p surgan. Ayni damda u “Manchester Siti”da bosh murabbiy Xosep Gvardiolaga yordam bermoqda.

Mikel Arteta Messining bunday xulqidan hayron qolib, haqorat qilmasdan unga kiyinish xonasiga yo‘l olishni tavsiya qilgan. Shundan so‘ng ular orasida kichik mojaro yuz berdi. Klub vakillari va futbolchilar mojaroga qo‘shilgach, uning davom etishiga yo‘l qo‘ymadi.

Lionel Messining o‘zi bo‘lib o‘tgan voqeaga izoh berishdan bosh tortdi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH