Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi rahbariyati hujumchi Lionel Messini sotib olish uchun “Barselona”ga 200 million funt (qariyb 230 million yevro)ga teng taklif tayyorlamoqda. Bu haqda, Mirror nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.

Argentinalik futbolchi Xosep Gvardiola boshqarayotgan jamoaga o‘tsa, haftasiga 500 ming funt maosh olishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Messining kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2018-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Kelishuvga ko‘ra, 29 yoshli futbolchining tovon puli miqdori 250 million yevroni tashkil etadi.

Ilgariroq matbuotda argentinalik futbolchi “Barselona” bilan kelishuv muddatini uzaytirmaslikka qaror qilgani haqida xabar tarqaldi. Goal’ning Messiga yaqin bo‘lgan manbasi bu haqiqat emasligini bildirdi. Keyinroq Messi Yangi yil bayramidan so‘ng kataloniyaliklar bilan shartnomasini uzaytirish borasida muzokara o‘tkazishi ma’lum qilingandi.

Bir muddat avval Lionel Messi futbolchilik faoliyatini o‘zining birinchi klubi – Argentinaning “Nyuellz Old Boyz” klubida yakunlamoqchi ekani hamda kataloniyaliklar bilan yangi shartnoma imzolansa, u yerga ketish imkonini beruvchi bandning kiritilishini istayotgani haqida xabar berilgandi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH