Malayziyalik o‘t o‘chiruvchi Abu Zarin Hussin gazetalarda u haqda yozilgan uydirma xabarlar tufayli butun dunyoga mashhur bo‘lganligini bilib, juda hayron qoldi. Britaniya tabloidlari 31 yoshli erkak uch metrlik ilonga uylangani haqida tarqatgan xabarlarni erkak tasdiqlamadi, deb xabar beradiTASS”.

Daily Mirror va Daily Mail nashrlari ijtimoiy tarmoqlarda erkakning ilon bilan birga tushgan suratlarini terib olib, u sudraluvchiga uylangani haqida xabarlar tarqatgan edi. Go‘yoki erkak kapcha ilonni marhum dugonasining qayta tug‘ilishi deb hisoblab, unga uylangan ekan.

Abu Zarin ushbu maqolalar ostida o‘z suratlarini ko‘rib g‘azablandi.

“Bu mening suratlarim, lekin bayon etilgan voqea to‘laligicha uydirmadir”, — ta’kidladi erkak.

Abu Zarin qutqaruv xizmatida o‘t o‘chiruvchilar instruktori sifatida ishlaydi, Malayziyada esa ko‘pincha uyga kirib olgan ilonlarni zararsizlantirish uchun o‘t o‘chiruvchilar chaqiriladi.

Abu Zarinning otasi ilon avrovchi bo‘lgan, shu bois yigitda, dastlabki paytlarda ilonlardan qo‘rqqaniga qaramay, asta-sekin ilonlar bilan til topishish qobiliyati aniqlandi.

Yigitning uyida to‘rtta ilon yashaydi. Ularning barini o‘t o‘chiruvchi xizmat payti tutib olgan. Abu Zarin jonivorlarning fe’l-atvorini o‘rganib, so‘ng qo‘yib yuboradi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH